Daryo

Tramp Ummonga harbiy kuch ishlatish bilan tahdid qildi

Dastlab Tramp “Eron” o‘rniga adashib “Ummon” deb yuborgani taxmin qilindi. Biroq Davlat departamenti prezident aynan arab davlatini nazarda tutgan bayonotni ulashdi.

2 daqiqa o‘qish8 430 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidenti Donald Tramp agar Ummon Eron bilan Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘rnatish uchun hamkorlik qilsa, unga qarshi harbiy kuch ishlatish bilan tahdid qildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

27-may kuni bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida jurnalist Trampdan Ummon va Eronning strategik suv yo‘lidagi savdoni nazorat qilishi g‘oyasiga munosabatini so‘radi.

“Eron va Ummonga bo‘g‘ozni nazorat qilish imkonini beruvchi qisqa muddatli bitimni qabul qilasizmi?” deb so‘radi u prezidentdan.

Tramp bunga kutilmagan tahdid bilan javob qaytardi va bu strategik suv yo‘lini hech kim o‘zboshimchalik bilan nazorat qila olmasligini ta’kidladi.

“Uni hech kim nazorat qilolmaydi. Bu xalqaro suvlar hisoblanadi va Ummon ham xuddi boshqalar kabi o‘zini munosib tutishi kerak, aks holda biz ularni portlatishimizga to‘g‘ri keladi”, dedi u.

Dastlab Tramp shunchaki adashib, “Eron” o‘rniga “Ummon” deb yuborgan bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlar paydo bo‘ldi. Biroq keyinchalik AQSH Davlat departamenti ijtimoiy tarmoqlarda ushbu bayonotning aynan arab davlatiga ishora qilingan matnini ulashdi.

O‘zining betarafligi bilan tanilgan Ummon Hormuz bo‘g‘ozini nazorat qilishda Eronga qo‘shilish istagi borligini hech qayerda bildirmagan. Qolaversa, AQSH va Ummon 200 yildan ortiq tarixga ega yaqin ittifoqchilar hisoblanadi. Ikki davlat o‘rtasida ko‘plab kelishuvlar, jumladan, xavfsizlik sohasidagi sheriklik, erkin savdo bitimi, fan va texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik shartnomalari mavjud.

Trampning 27-may kungi ochiqchasiga qilgan ushbu tahdidi uning tashqi siyosatda harbiy kuchga tobora ko‘proq tayanayotganini ko‘rsatadi. Mazkur strategiya xalqaro munosabatlarda ba’zan “kanonerlar diplomatiyasi” deb ham ataladi.

Biroq ko‘plab ekspertlar va tanqidchilar bu tahdidni mas’uliyatsizlik deya keskin qoraladi. AQSHda joylashgan DAWN inson huquqlari tashkilotining targ‘ibot bo‘yicha direktori Raid Jarror AQSH prezidentining bayonotini “mafiya boshlig‘i”ning tahdidlariga o‘xshatdi.

“BMT Nizomi har qanday davlatga qarshi kuch ishlatish tahdidini taqiqlaydi va bu taqiq xuddi boshqalar qatori Qo‘shma Shtatlar uchun ham majburiydir”, dedi Jarrar Al Jazeera telekanaliga.

Trampning ushbu kutilmagan tahdidi Eron davlat televideniyesi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi loyihasi haqida xabar tarqatganidan keyin yangradi. Ushbu kelishuv loyihasi Eron va Ummonga bo‘g‘ozni birgalikda boshqarish huquqini ta’minlashi ko‘zda tutilgan. Tramp ma’muriyati esa ushbu xabarni “mutlaqo uydirma” deb atadi.

Hormuz boʻgʻozi

Global neft savdosi va dengiz orqali tashiladigan suyultirilgan tabiiy gazning qariyb 20 foizi aynan Hormuz orqali o‘tadi. AQSH va Isroilning 28-fevral kuni Eronga boshlagan hujumlari oqibatida Tehron Hormuzni yopib qo‘ydi. Bu esa global neft narxiga ta’sir ko‘rsatdi. Hozirda kemalarning bo‘g‘oz orqali harakatlanishi qisman ochilgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar