O‘zbekistonda yonuvchanlik darajasi yuqori bo‘lgan qurilish materiallaridan foydalanish bo‘yicha ayrim cheklovlar belgilandi.
Adliya vazirligi 27-mart kuni “Bino va inshootlarning yong‘in xavfsizligi” shaharsozlik normalari va qoidalariga o‘zgartirishlarni hisobga oldi. Unga ko‘ra, balandligidan kelib chiqib binolarni pardozlashda, yonuvchanlik darajasi yuqori bo‘lgan qurilish materiallaridan foydalanish bo‘yicha ayrim cheklovlar belgilandi.
Qurilish materiallari yonuvchanlik darajasiga qarab 4 ta turga bo‘linadi. 28 metrgacha bo‘lgan binolarning fasad qismida faqat yonuvchanlik darajasi past (2–4) materiallardan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi. 28 metrdan baland binolarda, balandligidan qat’iy nazar ta’lim va tibbiyot tashkilotlarida yonuvchan materiallardan foydalanish taqiqlanadi.
Binolarning evakuatsiya yo‘llari (zinapoya, yo‘laklar, hollar, chiqish yo‘laklari) hamda yerto‘la va yarim yerto‘lalarda devor va shiftlarni bezashda yonuvchan materiallardan foydalanish cheklanadi.
Ushbu talablar yong‘in kelib chiqishi va tez tarqalishi xavfini kamaytirish hamda favqulodda vaziyatlarda fuqarolarning xavfsiz evakuatsiyasini ta’minlashga qaratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 1-dekabr kuni yig‘ilish o‘tkazganida yong‘in xavfsizligi masalalari ham muhokama qilingandi. Davlat rahbari mamlakatdagi 44 mingdan ortiq ko‘p qavatli binolarda yong‘in xavfsizligi holatini to‘liq o‘rganish, favqulodda vaziyatlar tizimi bunday xavf-xatarlarga qarshi harakat qilishga shay turishi zarurligini taʼkidlagandi.
Binolarning tashqi devorlarida kuchli yonuvchan materiallarni qo‘llashni taqiqlovchi qatʼiy talablarni qonun hujjatlariga kiritish vaqti kelgani aytilgandi. Shu munosabat bilan ko‘p qavatli uylarda qurilish normalari va yong‘in xavfsizligi qoidalarini xalqaro tajribaga moslash hamda masʼul rahbarlar javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Prezident o‘sha yilning oktyabrida favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishganida bundan 16 yil oldin qabul qilingan “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun eskirganini, shu bois favqulodda vaziyatlarni oldindan baholab, tezkor va proaktiv ishlaydigan tizim yaratish vazifasini qo‘ygandi.








