Toshkentda yong‘in xavfsizligi talablarini qo‘pol ravishda buzgani sababli ayrim binolar vaqtinchalik yopildi. Bu haqda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 5-fevral kuni poytaxtda odamlar ko‘p yig‘ilishi mumkin bo‘lgan maskanlarning (binolarning) favqulodda vaziyatlarni (yong‘inlarni) sodir bo‘lishida belgilangan xavfsizlik talablariga javob berishi yuzasidan tegishli tartibda davlat yong‘in nazorati tekshiruvlari o‘tkazildi.
Tekshiruvlar davomida Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Yakkasaroy, Yangihayot, Yunusobod va Yashnobod tumanlarida joylashgan 7 ta bino (inshoot) va xonalarning insonlar hayotiga xavf solib, yong‘in xavfsizligi talablarini qo‘pol ravishda buzgani sababli ularning faoliyatida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar vaqtinchalik to‘xtatildi.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda ish faoliyati to‘xtatilgan obyektlarda aniqlangan kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda tezkorlik bilan barcha kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Toshkentning Yashnobod tumanida joylashgan “Aviator” savdo majmuasida 31-yanvar kuni yirik yong‘in sodir bo‘lgandi. Buning oqibatida 3 yashar qizcha halok bo‘lgan, yong‘indan taxminan 800 kvadrat metr maydon zarar ko‘rgandi.
Shundan so‘ng Favqulodda vaziyatlar vazirligi savdo komplekslari, savdo-ko‘ngilochar markazlari, umumiy ovqatlanish shahobchalari hamda maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan murojaat bilan chiqdi.
4-fevral kuni Termizdagi Indenim savdo-ko‘ngilochar markazi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. U yerda yong‘in xavfsizligi qoidalari uzoq vaqt davomida bajarilmagani aniqlangan.








