O‘zbekistonda binolarning tashqi devorlarida kuchli yonuvchan materiallarni qoʻllashni qonun bilan taqiqlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda 1-dekabr kuni ekologik barqarorlik, qish mavsumiga tayyorgarlik va yong‘in xavfsizligi masalalari bo‘yicha prezident raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Davlat rahbari mamlakatdagi 44 mingdan ortiq koʻp qavatli binolarda yongʻin xavfsizligi holatini toʻliq oʻrganish, favqulodda vaziyatlar tizimi bunday xavf-xatarlarga qarshi harakat qilishga shay turishi zarurligini taʼkidladi.
Binolarning tashqi devorlarida kuchli yonuvchan materiallarni qoʻllashni taqiqlovchi qatʼiy talablarni qonun hujjatlariga kiritish vaqti kelganni aytdi. Shu munosabat bilan koʻp qavatli uylarda qurilish normalari va yongʻin xavfsizligi qoidalarini xalqaro tajribaga moslash hamda masʼul rahbarlar javobgarligini kuchaytirish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Kommunal xizmatlar ishini muvofiqlashtirish va favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Oʻtgan mavsumda poytaxtda toʻplangan tajriba asosida respublikaning boshqa hududlari kesimida ishchi guruhlar tashkil etish, barcha kommunal xizmatlar va boshqaruv servis kompaniyalarini FVV dispetcherlik tizimiga bogʻlash va xonadonbay profilaktika ishlarini kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.
Shavkat Mirziyoyev oktyabr oyida favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishganida bundan 16-yil oldin qabul qilingan “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun eskirganini, shu bois favqulodda vaziyatlarni oldindan baholab, tezkor va proaktiv ishlaydigan tizim yaratish vazifasini qo‘ygandi.








