Chechenistonda kuchli yog‘ingarchilik tufayli favqulodda holat rejimi e’lon qilindi. Tegishli farmoyishni 29-mart kuni Ramzan Qodirov imzoladi.
Kuchli yogʻingarchilik oqibatida elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan, ko‘priklar deformatsiyaga uchragan, suv toshqinlari, ko‘chkilar va tosh qulash holatlari qayd etilgan. 27-martdan beri birgina Shali tumanining o‘zida 1262 ta uy, Gudermes tumanida esa 748 ta uy suv ostida qolgan.
29-mart kuni kechqurun Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari 557 ta uydan suvni chiqarib tashlagan. Checheniston hukumati rahbari o‘rinbosari Ahmad Dudayevga koʻra, qariyb 30 ta yo‘l va bitta dambani suv yuvib ketgan, shuningdek, 17 ta ko‘prik, 5 ta gaz quvuri va 6 ta transformator shikastlangan.
Grozniy va Shali shaharlarining ayrim hududlari, shuningdek, Nadterechniy va Nojay-Yurt tumanlarining bir qismi hali ham elektr ta’minotisiz qolmoqda. Gudermes tumanidagi Kunduxovo posyolkasi va Bragun qishlog‘idan 1109 kishi evakuatsiya qilingan. Aholi punktlari uzoq davom etgan yomg‘irlar va daryolarda suv sathining ko‘tarilishi sabab suv ostida qolgan.
Kuchli yogʻingarchilik butun Shimoliy Kavkazga ta’sir qildi
Shimoliy Kavkazda 27-mart kuni kuchli yogʻingarchilik boshlandi. Bunda Dog‘iston eng ko‘p zarar ko‘rdi, jumladan, Maxachqal’ada bir sutkada 50 millimetrdan ortiq yog‘ingarchilik kuzatildi, bu 100 yildan ortiq vaqt ichida rekord bo‘ldi.
Suv toshqinlari tufayli Dog‘istonda 500 mingdan ortiq odam chiroqsiz qoldi. Suv bosgan hududlardan 3338 kishi, jumladan, 1033 nafar bola evakuatsiya qilindi.








