Checheniston rahbari Ramzan Qodirov urushni qo‘llab-quvvatlashi haqidagi ommaviy bayonotlariga qaramay, aslida Kremlning Ukrainadagi manfaatlariga qo‘shilmaydi. Bu haqda The Economist xabar berdi.
“Moskvaning Ukraina bo‘yicha manfaatlari qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, biz ulardan juda yiroqmiz”, dedi nashrga anonim manba.
The Economist ushbu manbani respublika rahbariyati bilan yaqin aloqada bo‘lgan taniqli chechen deb ta’riflagan. U Qodirov aslida vaziyatni juda yaxshi tushunishi va “rus dunyosi” uchun o‘z odamlarini qurbon qilish istagida emasligini ta’kidladi.
Qodirov aprel oyida Chechenistondan 70 mingdan ortiq kishi, ya’ni respublikadagi erkaklarning 9 foizi frontga ketganini aytgandi. Biroq yo‘qotishlar soni umuman boshqa manzarani ko‘rsatmoqda: “Mediazona” va BBC’ning halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar haqidagi so‘nggi hisobotida 236 ming kishidan atigi 540 nafarini chechenistonliklar tashkil etgan. Bu bor-yo‘g‘i 0,2 foizga tengdir. Vaholanki, Checheniston aholisining Rossiya aholisidagi ulushi 1,1 foizni (ya’ni 5 barobar ko‘proqni) tashkil etadi.
Bir oy oldin Qodirov yana bir bor chechen maxsus kuchlari eng murakkab vazifalarni bajarish ishtiyoqi bilan yonayotganini aytgan edi. Biroq amalda ijtimoiy tarmoqlardagi yuqori faolligi uchun “tik-tok qoʻshinlari” deb ataladigan “Ahmat” jangchilari koʻpincha front chizigʻidan uzoqda boʻladi.
“Ular o‘zlarini jangovar harakatlarda ishtirok etayotgandek ko‘rsatadi, ammo ular haddan tashqari harakat qilmaslik va o‘zlarini ehtiyot qilish haqida buyruq olgan”, deydi Checheniston rahbariyatiga yaqin manba.
Qodirov Chechenistonning asosiy aholisini majburiy safarbarlikdan himoya qilishga muvaffaq bo‘lgan. Bunday yondashuv unga “millat otasi” obro‘sini mustahkamlash imkonini beradi. Agar undan frontga kimnidir jo‘natishni talab etishsa, u buni o‘zi nomaqbul deb hisoblagan odamlar: gomoseksuallar, spirtli ichimliklarga qaram odamlar yoki chechen muxolifatchilarining qarindoshlari hisobiga amalga oshirishi mumkin.








