Daryo

O‘zbekistonda suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha 2026-yilgi dastur tasdiqlandi

Dastur doirasida suv tanqis hududlarda tejamkor texnologiyalar asosida hovuzlar qurilib, yana qo‘shimcha choralar uchun jami 120 mlrd so‘m ajratiladi. Shuningdek, kanallarni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

1 daqiqa o‘qish3 930 ko‘rishlar0 izoh2

O‘zbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan 2026-yilga mo‘ljallangan dastur tasdiqlandi. Bu haqda Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi xabar berdi.

Hukumat qaroriga muvofiq, suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun suvni tejaydigan texnologiyalar asosida suv hovuzlari quriladi. Ushbu maqsadlar uchun 60 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuningdek, suv tanqisligini yumshatish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar uchun yana 60 milliard so‘m ajratiladi.

Hujjat bilan 2026-yilda amalga oshiriladigan kanallarni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish loyihalari, suv hovuzlari qurilishi hamda suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Loyihalar hududiy “Suvqurilishinvest” davlat muassasalari buyurtmachiligida amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, loyihaoldi hujjatlar qisqa muddatlarda tayyorlanadi, loyiha tashkilotlari aniqlanadi va ikki oy ichida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi. Shundan so‘ng qisqa vaqt ichida pudratchilar tanlanib, qurilish-montaj ishlari boshlanadi.

Shuningdek, hududlarda suv hovuzlari qurish uchun yer ajratish choralarini ko‘rish belgilangan. Bunda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan lalmi va bo‘z yerlardan 2 gektargacha maydon ajratilishi mumkin.

Bundan tashqari, kanallarda betonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish uchun suv berish va to‘xtatish bo‘yicha reja-grafiklar ishlab chiqiladi. Ayrim hollarda loyihalarni amalga oshirish jarayonida daraxt va butalarni ko‘chirish yoki kesish ishlari uchun to‘lovlardan ozod etish ham ko‘zda tutilgan.

Prezidentning 5-martdagi qarori bilan O‘zbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish va joriy yilda kutilayotgan suv tanqisligining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar uchun 600 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilangandi.

Qarorda belgilangan tadbirlar natijasida qariyb 159 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilanishi kutilmoqda. Sug‘orish tarmoqlarining suv o‘tkazish qobiliyati 20 foizgacha oshadi va suvning dalaga yetib borish vaqti 2-3 barobarga qisqaradi.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar