O‘zbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish va joriy yilda kutilayotgan suv tanqisligining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar uchun 600 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi. Bu haqda prezidentning 5-martdagi qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, bu mablag‘ respublika budjetining 2026-yil 1 chorak yakuni boʻyicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismi hisobidan ajratiladi. Bunda kanallar va sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari uchun 480 milliard soʻm, suv tanqisligining oldini olish bilan bogʻliq chora-tadbirlar uchun 120 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.
Qaror bilan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar sifatida Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi suv yo‘qotilishi yuqori bo‘lgan 389 kilometr kanallarni rekonstruksiya qilish va betonlashtirish belgilangan. Bunda yiliga o‘rtacha 206 mln metr kub suv resurslarini hamda 26 million kilovatt soat elektr energiyasini iqtisod qilish, sug‘oriladigan 159 ming gektar yerlarning suv ta’minotini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash (betonlashtirish) ishlari birinchi navbatda, “bir kanal – bir tizim” tamoyili asosida avval betonlashtirilgan yoki betonlashtirish boshlangan kanallardan suv oluvchi tarmoqlarda amalga oshirilishiga e’tibor qaratiladi.
Suv xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, qarorda belgilangan tadbirlar natijasida qariyb 159 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi. Sug‘orish tarmoqlarining suv o‘tkazish qobiliyati 20 foizgacha oshadi va suvning dalaga yetib borish vaqti 2-3 barobarga qisqaradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yilning dekabrida Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida dunyoda suv tanqisligi muammosi tobora dolzarb bo‘lib borayotgani sababli suvdan oqilona foydalanish davlat siyosati darajasiga olib chiqilganini ta’kidlagandi. Joylardagi ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinishini, kanallarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha ham katta loyihalar boshlanishini aytgandi.“Ushbu qaror mamlakatimiz suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiquvchi hujjat bo‘ldi. Uning ijrosini ta’minlash orqali suv tanqisligi xavfini 20-30 foizgacha kamaytirishga, o‘rtacha hosildorlikni 20-30 foizga, mahsulot yetishtirish hajmini esa 15-25 foizga ko‘paytirishga erishiladi”, deyiladi vazirlik xabarida.








