Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi do‘st davlatlarning kemalari uchun Hormuz bo‘g‘ozi ochilganini ma’lum qildi. Bu haqda Tasnim xabar berdi.
“Biz do‘st deb hisoblagan bir qancha davlatlarga: masalan, Rossiya, Hindiston, Iroq, Xitoy va Pokistonga Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tishga ruxsat berdik. Raqiblarimizning bo‘g‘ozdan foydalanishiga yo‘l qo‘yishdan ma’no ko‘rmayapmiz”, dedi Araqchi.
Hormuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan neft va suyultirilgan gaz yetkazib berishning asosiy yo‘nalishi hisoblanadi. Eron 28-fevral kuni AQSH va Isroilning respublikaga qarshi harbiy operatsiyasi boshlanganidan keyin bo‘g‘ozni barcha kemalar uchun yopib qo‘ydi.
22-mart kuni AQSH prezidenti Donald Tramp agar 48 soat ichida Hormuz bo‘g‘ozi to‘liq ochilmasa, AQSH mamlakatdagi elektr stansiyalarini yo‘q qilishi bilan tahdid qildi. Eron hukumati esa agar AQSH quruqlikdagi operatsiya o‘tkazsa, butun Fors ko‘rfazini minalashtirishidan ogohlantirdi. Tahlilchilarga ko‘ra, agar bo‘g‘oz 2026-yilning uch choragi davomida yopiq qolsa, yil oxiriga borib bir barrel neft narxi 132 dollarga yetishi mumkin. 3200 ga yaqin kema Hormuz bo‘g‘ozini kesib o‘tishga jur’at etmasdan Fors ko‘rfazida qolib ketgan.








