Daryo

Tramp Eronga Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun ikki kun muhlat berdi

Agar Eron bo‘g‘ozni qamalda ushlab turishni davom ettirsa, AQSH prezidenti mamlakatning yirik elektr stansiyalariga zarba berish bilan tahdid qildi. Eron ham xuddi shunday javob qaytarishini bildirdi.

2 daqiqa o‘qish11 406 ko‘rishlar0 izoh8

AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun 48 soat muhlat berib, aks holda Amerika harbiylari mamlakatdagi elektr stansiyalarni yo‘q qilishi bilan tahdid qildi. Bu haqda Oq uy rahbari Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

“Agar Eron shu lahzadan e’tiboran 48 soat ichida Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq va hech qanday tahdidlarsiz ochmasa, AQSH bu mamlakatning eng yirik elektr stansiyasidan boshlab turli elektr stansiyalariga zarba beradi va ularni yo‘q qiladi!”, deb yozgan Tramp.

Eron armiyasi Oq uy rahbarining tahdidiga zudlik bilan munosabat bildirib, AQSHga ham xuddi shunday javob berishini ma’lum qilgan.

“Agar Eronning neft va energetika infratuzilmasi dushman tomonidan hujumga uchrasa, mintaqadagi AQSH va uning rejimiga qarashli barcha energetika, IT va suvni chuchuklashtirish obyektlari nishonga olinadi”, deyiladi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bayonotida.

Eronga ultimatum qo‘yishidan, taxminan, bir soat oldin Donald Tramp The New York Times (NYT) nashri muxbiri Devid Sangerning Amerika prezidenti Erondagi ko‘plab harbiy maqsadlariga hali erisha olmagani haqidagi tahliliga javob qaytargan.

“Yo‘q, men erishdim, hatto rejalashtirilganidan bir necha hafta oldin! Ularning rahbariyati yo‘q qilingan, floti va harbiy-havo kuchlari tor-mor etilgan, ularda mutlaqo hech qanday mudofaa qolmagan va ular kelishuv tuzmoqchi. Men esa xohlamayman!”, deb yozgan Oq uy rahbari Truth Social’da va “AQSH Eronni yer yuzidan supurib tashlaganini” da’vo qilgan.

Shuningdek, Tramp NYT tahlilchisini “arzimas”, gazetaning o‘zini esa “omadsiz” deb atagan.

  • Eronga qarshi urush va Hormuz bo‘g‘ozi blokadasi

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri jahondagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashuvining qariyb 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi amalda Eron armiyasi tomonidan to‘sib qo‘yilgan. Shuningdek, Eron Fors ko‘rfazi mintaqasidagi bir qator mamlakatlarning neft obyektlariga va neft tankerlariga zarbalar bermoqda. Bu esa jahonda energiya resurslari narxining keskin oshishiga olib keldi.

“Agar Hormuz bo‘g‘ozi blokadasi iyun oyi oxirigacha saqlanib qolsa, ikkinchi chorakda jahon iqtisodiy o‘sishi yillik hisobda 2,9 foiz punktga pasayadi”, deyiladi Dallas Federal zaxira banki hisobotida.

Tahlilchilarga ko‘ra, agar bo‘g‘oz joriy yilning uch choragi davomida yopiq qolsa, yil oxiriga borib bir barrel neft narxi 132 dollarga yetishi mumkin.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar