AQSH prezidenti Donald Tramp muzokarachilarga Eron bilan “kelishuvga erishishga shoshilmaslikni” buyurdi. Vaholanki, u mazkur bayonotidan biroz avval kelishuvga yaqin qolganini ta’kidlagandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, muhokama qilinayotgan kelishuv o‘t ochishni to‘xtatish rejimini 60 kunga uzaytirish, Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish va Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha keyingi muzokaralar rejasini o‘z ichiga oladi.
Tramp ijtimoiy tarmoqdagi postida “konstruktiv” muzokaralar davom etayotganini, biroq “har ikki tomon ham shoshilmasligi va buni to‘g‘ri amalga oshirishi kerakligini” aytdi. U 23-may kuni kelishuvning asosiy bandlari muhokama qilinganini ta’kidlagan.
Eron rasmiylari ham dam olish kunlari shunga o‘xshash signallarni berdi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy esa ikki tomon kelishuvga erishishga “juda yaqin va juda uzoq” ekanini aytdi. Muhokama qilinayotgan kelishuv yakuniy yechim emas. U sanksiyalarni yumshatish, muzlatilgan mablag‘larni qaytarish va yadroviy dasturni cheklash kabi murakkab masalalarni keyinroq muhokama qilishni nazarda tutadi.
AQSH va Isroil 28-fevral kuni Eronga aviazarbalar berib, Yaqin Sharqda mojaroni keltirib chiqardi. Eron bunga javoban Isroil va AQSHning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchi davlatlariga hujum qildi, dunyodagi neft va suyultirilgan gazning taxminan 20 foizi o‘tadigan Hormuzni amalda yopib qo‘ydi. Bu harakat global miqyosda neft narxlarining keskin oshishiga olib keldi.
Aprel oyi boshida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishilganidan ko‘p o‘tmay, AQSH Eron portlarini blokada qildi. Tramp blokada “kelishuvga erishilmaguncha, tasdiqlanmaguncha va imzolanmaguncha to‘liq kuchda qolishi”ni aytgandi.








