AQSH Ukrainaga mo‘ljallangan ayrim qurollarni Yaqin Sharqqa yuborishi mumkin. Bu haqda masaladan xabardor uch manbaga tayanib, The Washington Post ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron bilan urush fonida AQSH harbiylarining muhim qurollari zaxirasi kamayib bormoqda. exnikani Yaqin Sharqqa yuborish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan, ammo bu o‘zgarish urush uzoq davom etishi mumkinligini anglatadi. AQSH Markaziy qo‘mondonligi to‘rt haftadan kamroq davom etgan janglar davomida Erondagi 9000 dan ortiq nishonga zarba bergan.
28-fevraldan beri davom etayotgan urush fonida Yevropa davlatlari AQSH o‘z zaxiradagi o‘q-dorilarini tez sur’atda sarflab yuborayotganidan xavotirda. Ikki yevropalik diplomatning aytishicha, bu holat ularning NATO buyurtmalarini kechiktirishi va Ukrainaga qurol yetkazib berishni izdan chiqarishi mumkin.
Ukrainaga yetkazilmasligi mumkin bo‘lgan qurollar qatoriga NATO dasturi orqali buyurtma qilingan havo hujumidan mudofaa tizimlarining tutib oluvchi raketalari kiradi. Dastur doirasida hamkor davlatlar AQSHdan qurol xarid qilib, Ukrainaga yetkazib beradi.
Ukrainaning AQSHdagi elchisi Olga Stefanishina Kiyev o‘z hamkorlarini havo mudofaasi tizimlariga bo‘lgan ehtiyoji haqida eslatib turganini aytdi. U urush davrida “jiddiy noaniqlik davri” kuzatilayotganini qayd etgan.
“Yaqin Sharqdagi so‘nggi operatsiyalar boshida yuzaga kelgan har qanday uzilishlar bartaraf etildi”, dedi Stefanishina.
NATO vakili esa AQSH harbiy texnikasini qayta yo‘naltirish ehtimoli bo‘yicha savollarga aniq javob bermadi. U mamlakatlar “Ukraina uchun AQSHdan qurol-yarog‘ sotib olish dasturiga hissa qo‘shishda davom etayotgani va texnika Ukrainaga uzluksiz yetkazilayotganini” aytdi.
Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil yozdan buyon Ukrainaga Patriot tizimlariga mo‘ljallangan raketalarning 75 foizini va boshqa havo hujumidan mudofaa tizimlarida qo‘llaniladigan deyarli barcha o‘q-dorilarni yetkazib bergan. NATO dasturi doirasida Ukraina uchun qariyb 4 milliard dollar ajratilgan.
Urushda eng talab yuqori bo‘lgan vositalar qatoriga Patriot va THAAD kabi yuqori darajadagi havo mudofaa raketalari kiradi. AQSH bu tizimlarning bir qismini Yaqin Sharqdagi operatsiyalarga yo‘naltirgan. Ular Eronning dron va ballistik raketa hujumlariga qarshi mudofaani kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, mazkur tizimlar Ukrainaga ham juda zarur.
Pentagon zarurat tug‘ilganda Ukrainaga mo‘ljallangan qurollarni qayta yo‘naltirish mumkinligini inkor etmadi, biroq bunday qaror haqida qonunchilar xabardor qilinishi kerak.








