Daryo

“Eronga qarshi urush davom etadi, Livanda bufer zona kengayadi” — Netanyaxu

Isroil bosh vaziri Suriyadagi druzlar masalasiga ham to‘xtaldi va ularni himoya qilish “o‘z kuchida” qolishini aytdi.

2 daqiqa o‘qish7 176 ko‘rishlar0 izoh0

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eronga qarshi urush davom etishi, Livandagi bufer zona esa kengaytirilishini ma’lum qildi. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.

Bosh vazir bu bayonotni shimoliy chegara hududidan kelgan hukumat rasmiylari bilan videomuloqotda bildirgan.

“Eronga qarshi kampaniya ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ma’lumotlarga qaramay, to‘liq kuch bilan davom etmoqda”, degan Netanyaxu.

U “Hizbulloh” guruhining Isroil shimoliga bostirib kirish xavfi “endi mavjud emas”ligini qayd etgan. Shuningdek, Isroil Livanda “Hizbulloh”ning tankka qarshi raketalari tahdidini qaytarish uchun bufer zonani kengaytirayotganini aytgan. Netanyaxu asosiy e’tibor guruhni “parchalash”ga qaratilganini ta’kidlagan.

“Biz Livandagi vaziyatni tubdan o‘zgartirish uchun qo‘ldan kelganini qilishga qaror qildik”, degan u.

Netanyaxu Suriyadagi druzlar masalasiga ham to‘xtalib, Isroilning ularni himoya qilish majburiyati “o‘z kuchida” qolishini aytdi. Druzlar Suriya, Livan, Isroil va bosib olingan Golan (Jo‘lon) tepaliklarida yashovchi arab tilida so‘zlashuvchi etnik-diniy ozchilik hisoblanadi. Ular o‘ziga xos e’tiqod tarzi bilan shia mazhabini tan oladi.

Suriyada taxminan yarim million druz yashaydi va mamlakat aholisining qariyb 3 foizini tashkil etadi. Isroildagi druzlar jamoasi esa ko‘p jihatdan yahudiy davlatiga sodiq. Chunki jamoa a’zolari Isroil armiyasida harbiy xizmatni o‘taydi. Isroil Markaziy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil va Golan tepaliklarida umumiy 152 mingga yaqin druz istiqomat qiladi.

“Hizbulloh”ning urushga aralashuvi

Mart oyi boshida Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida Livan hukumati “Hizbulloh”ning harbiy faoliyatiga “zudlik bilan taqiq” joriy etdi. Mamlakat bosh vaziri Navaf Salam 2-mart kuni telemurojaatida guruh a’zolaridan qurollarni davlatga topshirishni talab qildi.

Bu qaror Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” Isroilga qarshi raketa zarbalari va dron hujumlarini amalga oshirganidan so‘ng qabul qilindi. Guruh bu hujumlarni Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi uchun “qasos” sifatida izohlagan. Bu hujumlardan keyin Isroil Livanga javob zarbalari berib kelmoqda, aviazarbalar oqibatida mingdan ortiq odam halok boʻlgan.

Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Kanada 16-mart kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda Livandagi zo‘ravonliklar kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi. Ular Livan va Isroilni mojaroni hal etish uchun muzokaralar o‘tkazishga chaqirdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar