Isroil harbiylari Livan janubidagi qishloqlardan birida “Hizbulloh” guruhi foydalangan yerosti infratuzilmasini vayron qildi. Bu haqda Isroil bosh vaziri va mudofaa vazirining 28-iyun kungi qo‘shma bayonotiga tayanib, Reuters xabar berdi.
Bosh vazir Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Isroil Katsning bildirishicha, hujum Majdal Zun shaharchasidagi 200 metrli tunnelga qaratilgan. Hujum haqida AQSH oldindan ogohlantirilgan.
Bu zarba Livan va Isroil o‘rtasidagi kelishuvdan ikki kun o‘tib amalga oshirildi. AQSH vositachiligidagi bu xavfsizlik kelishuvi chegaradagi keskinlikni kamaytirishga qaratilgandi. Hujjatga ko‘ra, Isroil qo‘shinlari Livan janubidan bosqichma-bosqich chiqib ketishi va u yerga Livan armiyasi joylashishi kerak edi. Ammo Isroil kuchlariga hozircha kengaytirilgan xavfsizlik zonasida qolishga ruxsat berilgan.
Isroil tomonining bayonotida aytilishicha, yo‘q qilingan tunnelda yuzlab qurol-yarog‘ va raketa otish qurilmalari bo‘lgan. Shuningdek, bu operatsiyadan bir necha soat oldin Isroil harbiylari Livan janubidagi Nabatiya hududida raketa granatalari bilan qurollangan “Hizbulloh” jangarilariga va raketa qurilmasiga zarba bergan edi.
“Hizbulloh” munosabati
“Hizbulloh” 29-iyun kuni ertalab bayonot berdi. Guruhning ta’kidlashicha, Isroilning bu hujumlari o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Guruh hozirgacha kelishuvga amal qilib kelayotganini bildirdi. Shuningdek, ular bunday qonunbuzarliklarni diqqat bilan kuzatib borayotganini va “vatan hamda xalqni himoya qilish” huquqini o‘zida saqlab qolishini qo‘shimcha qildi. “Hizbulloh” yetakchisi Naim Qosim esa xavfsizlik kelishuvini rad etdi. U buni Isroilga taslim bo‘lish deb hisoblamoqda. Qosim guruh qurolli qarshilikni davom ettirishini aytdi.
Netanyaxu 28-iyun kuni kechki payt qilgan bayonotida Isroil armiyasi Livan janubidagi xavfsizlik zonasida qolishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar terrorchilik infratuzilmasini yo‘q qilishda, shimoliy hududlarga bo‘lgan tahdidlarni bartaraf etishda va Isroil fuqarolari xavfsizligini himoya qilishda davom etadi.
Keng ko‘lamli Erondagi urush bilan parallel ravishda davom etayotgan bu nizo sababli bir milliondan ortiq livanliklar o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. “Hizbulloh” va Eronning da’vo qilishicha, Vashington ikki hafta oldin imzolangan o‘zaro kelishuv doirasida Livandagi harbiy harakatlarni to‘xtatishni ta’minlashga va’da bergan edi. Bu memorandum katta urushni yakunlash maqsadida imzolangan.








