“Liverpul” sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp “Real”ga tayinlanishi mumkinligi haqidagi xabarlarni rad etdi. Mutaxassis so‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida tarqalayotgan mish-mishlardan charchaganini ma’lum qildi. Bu haqda Goal nashri xabar berdi.
2025-yil boshidan buyon “Red Bull” kompaniyasining futbol loyihalari rahbari sifatida faoliyat yuritayotgan Klopp “Real” bilan hech qanday aloqa bo‘lmaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, na klub vakillari, na klub prezidenti Florentino Peres murabbiy yoki uning agenti bilan bog‘langan.
“Bularning barchasi mutlaqo asossiz gaplar. Agar haqiqiy qiziqish bo‘lganida, bu allaqachon ma’lum bo‘lardi. Hech kim menga ham, agentimga ham qo‘ng‘iroq qilgani yo‘q”, deydi Klopp.
Shuningdek, u ayrim manbalarda o‘zining “Atletiko”ni boshqarishi mumkinligi haqidagi taxminlarga ham kinoya bilan munosabat bildirib, bunday xabarlarni tanqidiy baholashga chaqirdi.
Klopp hozircha murabbiylik faoliyatini yakunlamaganini, biroq kelajagi borasida aniq rejalari yo‘qligini qo‘shimcha qildi.
Hozir bu haqda o‘ylayotganim yo‘q. Ammo murabbiy sifatida faoliyatimni hali yakunlaganim yo‘q, nafaqa yoshiga yetmadim. Bizni oldinda nima kutayotganini bila olmaymiz? Hozircha hech narsa rejalashtirilmagan. Uzr, ‘Real’. Men biror nima deyishimdan oldin, avval qo‘ng‘iroq qilishingiz kerak”, deya Kloppning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Goal nashri.
Ma’lumot uchun, Klopp 2025-yil 1-yanvardan buyon “Red Bull” kompaniyasida futbol departamenti rahbari lavozimida faoliyat olib bormoqda. Mutaxassis 2015–2024-yillar davomida “Liverpul”ni boshqargan va jamoa bilan Angliya Premyer Ligasi hamda Chempionlar ligasi g‘olibiga aylangan. 2018 va 2022-yilgi YCHL finalida esa aynan “Real Madrid”ga mag‘lub bo‘lgan.








