Angliyaning “Chelsi” klubi sobiq bosh murabbiyi Enso Mareska “Real Madrid” bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzodlardan biri hisoblanadi. Italiyalik mutaxassis “qirollik klubi” tomonidan belgilangan murabbiylar ro‘yxatiga kiritilgan.
Enso Mareska taktik jihatdan zamonaviy qarashlari va yosh futbolchilar bilan olib borayotgan samarali ishlari tufayli madridliklarga ma’qul kelmoqda. U transferlar masalasida keskin qarorlar chiqarmaydigan, kelajakka qaratilgan variant sifatida baholanmoqda.
Manbaga ko‘ra, “qirollik klubi” uchun eng afzal variant Zinedin Zidan bo‘lib qolmoqda. Biroq fransiyalik mutaxassisning “Real” prezidenti Florentino Peres bilan munosabatlari yaxshi emas. Zidan 2026-yilgi Jahon chempionatidan so‘ng Fransiya terma jamoasiga murabbiy etib tayinlanadi.
Shuningdek, “Borussiya Dortmund” va “Liverpul” sobiq murabbiyi Yurgen Klopp ham asosiy variantlardan biri hisoblanadi. Biroq Klopp Vinisius Junior klubdan ketsagina, “Real”ning taklifini qabul qilishi mumkin. Murabbiy braziliyalik futbolchining davri yakuniga yetgani va klub endi jamoaviy hamda yuqori pressingga asoslangan taktikaga o‘tishi lozim, deb hisoblamoqda.
Enso Mareska 2024-yil iyuldan 2026-yil yanvargacha “Chelsi” bosh murabbiyi lavozimida ishlagan. Uning boshchiligida London klubi UEFA Konferensiyalar Ligasi va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati g‘olibi bo‘lgan.








