Angliyaning “Liverpul” klubi sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp Madridning “Real” jamoasi ustoziga aylanishi mumkin. Bu haqda Fichajes nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “qirollik klubi”ning amaldagi bosh murabbiyi Xabi Alonsoning “kursisi qimirlab qolgan”. Jamoa Ispaniya La Ligasining navabtdagi turida “Selta”ga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Mazkur holat ortidan murabbiyga nisbatan ishonchsizlik kuchaygan.
Ayni paytda “Real” prezidenti Florentino Peres Alonso o‘rniga boshqa nomzodlarni ko‘rib chiqmoqda. Ular orasida eng ko‘p tilga olinayotgan ism Yurgen Klopp bo‘lib, klub rahbariyati nemis mutaxassisi bilan muzokara olib borishga harakat qilmoqda. Chunki Yurgen Klopp tomonidan amalga oshirilgan dinamik, agressiv va vertikal o‘yin “Real” DNKsiga to‘liq mos kelishi aytilmoqda.
Hozircha Klopp murabbiylik faoliyatiga qaytishga shoshilmayotgani aytilmoqda. Biroq “Real”ning taklifi uning fikrini o‘zgartirishi mumkin.
Maʼlumot uchun, 2015—2024-yillar davomida Klopp “Liverpul”ni boshqargan va jamoa bilan Angliya Premer Ligasi hamda Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylangan. 2025-yil 1-yanvardan boshlab esa u “Red Bull” kompaniyasida faoliyat yuritib kelmoqda.








