Eron AQSH va Isroil bilan urush fonida dushmanlarga ma’lumot uzatishda ayblangan 500 kishini qo‘lga oldi. Bu haqda Eron politsiyasi boshlig‘i Ahmadrizo Radanga tayanib Reuters xabar berdi.
Radanning so‘zlariga ko‘ra, ushbu holatlarning yarmi jiddiy hodisalar bilan bog‘liq. Ular orasida zarba beriladigan nishonlar haqida ma’lumot berganlar va hujumga uchragan joylarni suratga olib, yuborgan shaxslar bor. Ahmadrizo Radan hibsga olishlar qachon amalga oshirilganiga aniqlik kiritmadi.
Bundan avval Eronning shimoli-g‘arbida 20 kishi harbiy va xavfsizlik obyektlari joylashuvi haqida Isroilga ma’lumot yuborganlikda gumonlanib ushlangan edi. Mamlakatning shimoli-sharqida, havo zarbalari deyarli yetib bormagan hududda esa 10 kishi qo‘lga olingan. Ulardan ayrimlari muhim obyektlar va iqtisodiy infratuzilma haqida ma’lumot to‘plaganlikda ayblanmoqda.
Isroil harbiy strategiyasi haqida ma’lumot bergan manbaga ko‘ra, Isroil quruqlikda faoliyat yuritayotgan informatorlar ko‘rsatmalariga asoslanib xavfsizlik punktlarini nishonga ola boshlagan. Bu Eron hududiga hujumlarning yangi bosqichi sifatida baholanmoqda.
Avvalroq BAAda hujumlarni tasvirga olgan va sun’iy intellektda ularni oʻzgartirgan oʻn kishi ushlangan edi. Ular Bangladesh, Vyetnam, Misr, Hindiston, Eron, Kamerun, Nepal, Pokiston va Filippin fuqarolari hisoblanadi. Ular tarqatgan videolarda soxta portlashlar, yong‘inlar va mashhur diqqatga sazovor joylarga hujumlarni ko‘rsatuvchi, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kadrlar boʻlgan.








