Daryo

O‘zbekistonda qon kasalliklarini tuman darajasida aniqlash tizimi joriy etiladi

Gematologik va onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash uchun tuman darajasida yangi diagnostika tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Qaror loyihasiga ko‘ra, zamonaviy davolash usullari kengaytirilib, bemorlar ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan to‘liq qamrab olinadi.

2 daqiqa o‘qish2 735 ko‘rishlar0 izoh1

O‘zbekistonda gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada takomillashtirishga qaratilgan prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Hujjat loyihasida zamonaviy davolash usullarini joriy etish, jumladan, o‘zak hujayralari transplantatsiyasi, o‘zak hujayralari banki, gen va immun terapiya kabi yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni rivojlantirish nazarda tutilgan. Shuningdek, bemorlarni sifatli dori vositalari va sarf materiallari bilan ta’minlash, tibbiyot muassasalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash hamda ushbu sohani barqaror moliyalashtirishni davom ettirish masalalari ham hujjatga kiritilgan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, aholida gematologik va onkogematologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash ko‘rsatkichini 60 foizga yetkazish maqsad qilinmoqda. Bundan tashqari, qon kasalliklariga chalingan bemorlarni 100 foiz ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan qamrab olish hamda gemopoetik o‘zak hujayralari transplantatsiyasi amaliyotlarini hududlarda ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Shuningdek, qon kasalliklariga birlamchi shubhani erta aniqlash uchun maxsus so‘rovnoma ishlab chiqilib, tibbiy ko‘riklar o‘tkaziladi. Birlamchi skrining jarayonlarida ishtirok etadigan tibbiyot brigadalari xodimlari uchun o‘quv dasturlari tashkil etilib, ularning gematologik kasalliklar bo‘yicha xabardorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Hujjatda bemorlarni davolashga yo‘naltirishning uch bosqichli yangi tizimini joriy etish ham nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, kasalliklar tuman darajasida aniqlanib, dastlabki tashxis qo‘yiladi, keyinchalik hududiy va respublika darajasida tashxis tasdiqlanadi hamda yuqori texnologiyali davolash, reabilitatsiya va palliativ yordam ko‘rsatiladi.

Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida Qon va o‘zak hujayralari kriobanki hamda transplantatsiya, hujayra, gen va immun terapiya bo‘yicha ilmiy klinik markaz tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu markazda gematologik va onkogematologik kasalliklarni diagnostika qilish, hujayra va gen terapiyasi asosida davolash hamda hududlarda reabilitatsiya xizmatlarini yo‘lga qo‘yishning yangi modeli joriy etiladi.

Bundan tashqari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda markazda “Gemofiliya”, “Klinik gemostaziologiya” va “Qon kasalliklarini innovatsion davolash” yo‘nalishlari bo‘yicha milliy ilmiy maktab tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Ushbu qaror loyihasi bilan psixiatriya yo‘nalishida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs magistrlari hamda klinik ordinator va rezidentlarga o‘qish davrida psixiatriya va narkologiya muassasalarida psixiatr va narkolog shifokori lavozimlarida, shuningdek tez tibbiy yordamning psixiatriya brigadalarida feldsher sifatida o‘rindoshlik asosida ishlashga ruxsat berilishi ham ko‘zda tutilmoqda.

Narkologiya yo‘nalishini bitirayotgan magistrlar va klinik ordinatorlarga esa narkolog shifokori sifatida ishlash imkoniyati berilishi mumkin. Bundan tashqari, psixiatriya va narkologiya yo‘nalishlari bitiruvchilari hamda tez tibbiy yordam psixiatriyasi bo‘yicha qo‘shimcha ixtisoslashtirish kurslarini tugatganlarga tez tibbiy yordam psixiatr shifokori sifatida faoliyat yuritish huquqi berilishi mumkin.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar