Daryo

Qandli diabet tashxisi qachon qo‘yiladi va buning oldini olish mumkinmi?

Qondagi glyukoza organizm uchun asosiy energiya manbayi hisoblanadi. U organizmga oziq-ovqat orqali kiradi. Modda qonga tushgach, oshqozon osti bezi glyukozaning hujayralarga kirishiga yordam beradigan insulin gormonini ishlab chiqaradi.

4 daqiqa o‘qish4 258 ko‘rishlar0 izoh2

Qondagi qand miqdori organizm faoliyati uchun muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Glyukoza hujayralarni energiya bilan ta’minlaydi, biroq uning me’yordan oshishi yoki kamayishi sog‘liq uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli qandli diabetning alomatlari, xavf omillari va profilaktika choralarini bilish har bir inson uchun muhimdir.

Qonda shakar nima uchun kerak?

Qondagi glyukoza organizm uchun asosiy energiya manbayi hisoblanadi. U organizmga oziq-ovqat orqali kiradi. Modda qonga tushgach, oshqozon osti bezi glyukozaning hujayralarga kirishiga yordam beradigan insulin gormonini ishlab chiqaradi. Agar qand miqdori doimiy ravishda yuqori bo‘lsa, bu preddiabet yoki diabetdan dalolat beradi. Kasallik tufayli odamda insulin miqdori kamayishi yoki organizm undan to‘g‘ri foydalana olmasligi mumkin, natijada giperglikemiya, ya’ni qandning ortib ketishi yuzaga keladi. Qand miqdori stress, shamollash, haddan tashqari ko‘p ovqatlanish, jismoniy faollik yetishmasligi, suvsizlanish va boshqa sabablarga ko‘ra ko‘tariladi.

Diabetda og‘iz qurishi, tez-tez siyish kuzatiladi. Bu holat buyraklarning ortiqcha shakarni filtrlash va o‘zlashtirish uchun kuchaytirilgan rejimda ishlashi tufayli sodir bo‘ladi. Natijada bemor tez-tez hojatxonaga boradi va ko‘p suyuqlik ichadi. Organizm esa glyukozadan energiya manbayi sifatida foydalana olmagani sababli, ba’zan kuchli charchoq hissi paydo bo‘ladi.

Glyukozaning past darajasi gipoglikemiya deb ataladi. Bunda odamda qaltirash, terlash, bosh og‘rig‘i, ochlik hissi yoki ko‘ngil aynishi kabi alomatlar kuzatilishi mumkin. Sog‘lom odamlarda bu holat kamdan-kam uchraydi. U asosan kasallikni nazorat qilish uchun dori-darmon qabul qiladigan diabetga chalingan kishilarga xos. Ba’zan bu holat buyrak, jigar kasalliklarida va gormonal buzilishlarda ham uchraydi.

Agar tahlillar qonda glyukoza miqdori oshganini ko‘rsatsa, bu hali sizda qandli diabet borligini anglatmaydi. Tashxisni tasdiqlash uchun takroriy tahlillar, klinik holatni baholash va qo‘shimcha testlarni o‘z ichiga olgan kompleks tekshiruv talab etiladi. Qondagi glyukoza darajasiga qandli diabet bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa omillar, masalan, ovqatlanish, spirtli ichimliklar, stress, jismoniy zo‘riqish va infeksion kasalliklar ham ta’sir qilishi mumkin.

Qandli diabet tashxisi qachon qo‘yiladi?

Normada och qoringa qondagi qand miqdori 5,6 mmol/l gacha bo‘lishi kerak. Agar qondagi qand miqdori me’yordan yuqori bo‘lsa-yu, lekin hali 7 mmol/l ga yetmagan bo‘lsa, bu prediabet holati bo‘lishi mumkin. Tashxisni tasdiqlash uchun shifokor qo‘shimcha tekshiruv, masalan, so‘nggi 2–3 oydagi o‘rtacha glyukoza miqdorini ko‘rsatuvchi glikirlangan gemoglobin tahlilini buyuradi.

Qandli diabetning 1 va 2-turlarini farqlay olish kerak

1-turda organizm yetarlicha insulin ishlab chiqarmaydi va gormonni har kuni inyeksiya yordamida yuborish zarur bo‘ladi. Odatda kasallik yoshlikda rivojlanadi. 2-tur qandli diabet esa ko‘pincha 45 yoshdan keyin tashxislanadi. Biroq semizlik bilan og‘rigan bolalar sonining ortib borayotgani tufayli kasallik yoshlar orasida ham ko‘proq uchramoqda. 2-tur qandli diabetda hujayralar insulinga kerakli darajada javob bermaydi — insulinorezistentlik yuzaga keladi. Reaksiya hosil qilish uchun oshqozon osti bezi tobora ko‘proq gormon ishlab chiqaradi. Ammo vaqt o‘tishi bilan bunga kuchi yetmay qoladi va qondagi qand miqdori oshib ketadi.

Qandli diabetning 1 va 2-turlaridan tashqari gestatsion diabet ham ajratiladi. U homiladorlik davrida rivojlanishi mumkin. Bunday ayollar asoratlar xavfini kamaytirish uchun qondagi qand miqdorini nazorat qilib turishlari kerak. Tug‘uruqdan keyin qandli diabet odatda o‘tib ketadi.

Qanday alomatlarda xavotirga tushish kerak?

Ko‘pincha odamlar o‘zlarida prediabet borligini gumon ham qilishmaydi, chunki unda hech qanday alomat kuzatilmaydi.

Muammoni o‘z vaqtida aniqlashga qon tahlili yordam beradi. Masalan, Amerika diabet assotsiatsiyasi (ADA) 35 yoshdan oshgan kattalarga qand miqdorini tekshirtirib turishni tavsiya qiladi. Ortiqcha vazn va boshqa xavf omillari bo‘lganda esa yoshroqlarga ham shunday maslahat beriladi. Xususan, yaqin qarindoshlari orasida shu kasallikka chalinganlar bo‘lsa, ortiqcha vaznga ega, haftasiga uch martadan kamroq mashq qiladigan yoki gestatsion diabetni boshdan kechirgan odamlarda 2-tur qandli diabet rivojlanishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Что нужно знать о глюкометрах

Haqiqatan ham, prediabeti bor odamlarda ko‘pincha hech qanday alomat bo‘lmasligi mumkin. Ba’zan ko‘zning xiralashishi, charchoq, tez-tez siyish, hatto yetarlicha suv ichgan bo‘lsangiz ham ishtaha va chanqoqlikning kuchayishi kuzatiladi. Ammo oldindan vahimaga tushish kerak emas: agar dam olib, uyquga to‘yganingizdan so‘ng, masalan, charchoq hissi o‘tib ketsa, demak, siz shunchaki toliqqansiz.

Biroq holsizlik o‘tib ketmasa, unga boshqa bezovta qiluvchi alomatlar (vazn yo‘qotish, kesilgan joylar va yaralarning sekin bitishi, ayollarda tez-tez uchraydigan zamburug‘li kasalliklar) qo‘shilsa yoki u hech qanday sababsiz paydo bo‘lsa, shifokor bilan maslahatlashish lozim.

Qandli diabetning oldini olish mumkinmi?

Olimlar 1-tur qandli diabet nima sababdan yuzaga kelishini va uning profilaktika choralari qanday ekanligini hali aniq bilishmaydi. Ammo 2-tur qandli diabetning oldini olish mumkin. Hatto prediabet holatida ham qondagi glyukozani me’yoriga qaytarish yoki kasallik rivojlanishini sekinlashtirish imkoni bor. 2-tur qandli diabetning yuzaga kelishiga, masalan, ortiqcha tana vazni, kamharakatlilik va genetik omillar sabab bo‘lishi mumkin.

2-tur qandli diabet profilaktikasi uchun sog‘lom vaznni saqlash kerak. Bu har doim ham oson kechmaydi, masalan, bunga insulinorezistentlik to‘sqinlik qilishi mumkin. Bunday hollarda semaglutid asosidagi dori vositalarini (“Kvinsenta”, Wegovy va boshqalar) qabul qilish yuzasidan mutaxassis bilan gaplashib ko‘rish mumkin. Bu modda ichakda ishlab chiqariladigan va ishtahani tartibga solishga yordam beradigan tabiiy GLP-1 gormonining ta’sirini imitatsiya qiladi. Preparat ochlik hissini kamaytiradi, natijada odam kamroq kaloriya iste’mol qiladi.

Shuningdek, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirish muhim — eng maqbuli, haftasiga kamida 150 daqiqa tez yurish yoki shunga o‘xshash mashqlarni bajarishdir. Kompleks yondashuv kerakli natijaga ancha tezroq erishishga va uni uzoq vaqt saqlab qolishga yordam beradi.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar