Daryo

Toshkentda Xitoy xalqaro texnikumi tashkil etilishi mumkin

Texnikumda xitoy va ingliz tillarini o‘rganish, shuningdek, ishsiz va band bo‘lmagan yoshlar uchun qisqa muddatli kasb kurslarini tashkil etish nazarda tutilgan.

2 daqiqa o‘qish2 864 ko‘rishlar0 izoh0

Toshkent shahrining Bektemir tumanida Xitoy xalqaro texnikumini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan.

Loyihaga ko‘ra, texnikum Respublika televideniye va radio texnikumi negizida Xitoyning China Oriental Education Holdings Limited kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Buning uchun kompaniya 5,1 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritishi, mavjud binolarni rekonstruksiya qilishi, yangi ustaxonalar qurishi va ularni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlashi ko‘zda tutilgan. Texnikum 20 yil muddatga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Ta’lim kunduzgi, kechki va dual shakllarda to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. Texnikumda zamonaviy texnologiyalar, raqamli ta’lim va sun’iy intellektni o‘quv jarayoniga joriy etish, mahalliy pedagoglarni Xitoyda malaka oshirish va xorijiy mutaxassislarni darslarga jalb qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, BYD, Chery va JAC kabi Xitoy avtomobilsozlik kompaniyalari buyurtmalari asosida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash va talabalar amaliyotini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Texnikumda xitoy va ingliz tillarini o‘rganish, shuningdek, ishsiz va band bo‘lmagan yoshlar uchun qisqa muddatli kasb kurslarini tashkil etish ham nazarda tutilgan.

Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan kasbiy ta’lim diplomi, qo‘shimcha qisqa muddatli kurslarni tamomlaganlarga esa sertifikat beriladi. Ayrim bitiruvchilarga xorijda tan olinadigan sertifikat berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, texnikumda yangi qabul 2027/2028-o‘quv yilidan boshlanadi. Ayni paytda mavjud Respublika televideniye va radio texnikumida tahsil olayotgan o‘quvchilarga o‘qishni amaldagi dasturlar asosida yakunlash uchun sharoit yaratiladi.

Iyul oyi oxirida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Yaponiyaning Sukuba universiteti prezidenti Kyosuke Nagata videokonferensaloqa orqali O‘zbekiston–Yaponiya qo‘shma universitetini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik kelishuvini imzolagani haqida xabar berilgandi.

Yangi oliy ta’lim muassasasi zamonaviy texnik va boshqaruv kompetensiyalariga ega yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ta’lim, ilmiy hamda madaniy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mamlakat oliy ta’lim tizimini xalqaro akademik hamjamiyatga yanada integratsiya qilishga xizmat qiladi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar