Daryo

Eron Hindiston tankerlariga Hormuzdan o‘tishga ruxsat berdi — manba

Hindistonlik manba Tehron bilan bo‘g‘oz orqali tankerlar o‘tishi borasida bitim tuzilganini ma’lum qildi. Yaqin Sharqda urush boshlanganidan beri ilk neft tankeri Mumbay portiga langar tashladi.

2 daqiqa o‘qish5 197 ko‘rishlar0 izoh3

Eron Hindiston bayrog‘i ostidagi tankerlarga jahon neft savdosining muhim arteriyasi hisoblangan Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishga ruxsat beradi. Bu haqda Hindiston hukumatidagi manbaga tayanib, Reuters xabar berdi.

Hindiston xom neft importining 40 foizi aynan shu bo‘g‘oz orqali o‘tadi. Ayni paytda mamlakat gaz importyori sifatida dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi.

Garchi Hindiston tomoni kelishuv haqida xabar bergan bo‘lsa-da, mamlakat tashqarisidagi eronlik manba bunday kelishuvga erishilganini rad etdi va masala o‘ta nozik ekanini bildirdi.

Dunyodagi uchinchi yirik neft iste’molchisi bo‘lgan Hindiston tomonining ma’lum qilishicha, so‘nggi kunlarda ikki davlat tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida uch bora telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgan.

Haftalik brifingda Hindiston TIV matbuot kotibi Randhir Jaisval so‘nggi suhbat hind kemachiligi va energetika xavfsizligi masalalariga qaratilganini tasdiqladi, biroq batafsil ma’lumot berish hali erta ekanini aytdi.

Urushdan keyingi ilk yuk

Fevral oyi oxirida Eron, AQSH va Isroil o‘rtasida urush boshlanganidan buyon Yaqin Sharqdan Hindistonga ilk neft partiyasi yetib keldi. Saudiya neftini tashiydigan, Liberiya bayrog‘i ostidagi Suezmax Shenlong tankeri Hurmuz bo‘g‘ozini kesib o‘tib, 12-mart kuni Mumbay portiga langar tashlagan. Ushbu yukning mijozi davlatga qarashli Bharat Petroleum Corp (BPCL) ekani aytilmoqda.

Shuningdek, Hindistonga yo‘l olgan yana ikkita xorijiy tanker yaqinda bo‘g‘ozdan o‘tgan. Hindistonlik manbaning so‘zlariga ko‘ra, 10-mart oqshomidagi muloqotdan so‘ng Tehron Hindiston kemalari uchun xavfsiz yo‘lak va’da qilgan. Biroq Eron ma’muriyatining turli bo‘g‘inlari o‘rtasida ko‘rsatmalar qanday yetkazilayotgani bo‘yicha tushunmovchiliklar mavjudligi sababli vaziyat o‘zgaruvchan bo‘lib qolmoqda.

Eron TIV rahbari Abbas Aroqchi va uning hindistonlik hamkasbi S. Jayshankar o‘rtasidagi suhbatdan so‘ng, Tehron rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda Fors ko‘rfazidagi kema bilan bog‘liq muammolar va xavfsiz bo‘lmagan vaziyat uchun aynan AQSH javobgar ekani ta’kidlangan. Rasmiy bayonotlarda hind kemalari uchun maxsus kelishuv haqida so‘z bormagan.

Hozirda Hormuz bo‘g‘ozi atrofida Hindiston bayrog‘i ostidagi 28 ta kema va 778 nafar hindistonlik dengizchi mavjud. Hindiston neft vazirligi ularning xavfsizligini ta’minlash uchun elchixonalar bilan yaqin aloqada ekanini bildirdi.

Hindiston eronlik dengizchilarga boshpana berdi

Hindiston urush boshlanganidan keyin portga kelib to‘xtagan kemadagi 183 nafar eronlik dengizchiga xavfsiz boshpana berdi.

Avvalroq Hindiston Bengal qo‘ltig‘idagi harbiy mashg‘ulotlardan so‘ng Eronning uchta kemasiga to‘xtashga ruxsat bergan edi. Biroq ulardan biri keyinchalik xalqaro suvlarda AQSH suvosti kemasi tomonidan cho‘ktirildi, yana biri esa Shri Lankadan yordam so‘rashga majbur bo‘ldi.

Neft narxi va xavf

Fevral oyi oxiridan buyon Eron bo‘g‘ozda kamida 16 ta kemaga hujum qildi. Tehron agar AQSH va Isroil hujumlari davom etsa, neft narxi ikki baravar qimmatlab, bir barreli 200 dollarga chiqishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Ayni paytda chorshanba, 11-mart kuni Hindistonning Kandla portiga yo‘l olgan Tailand kemasiga hujum qilingani Nyu Dehlining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.

“Hindiston harbiy to‘qnashuvlarda tijorat kemalarining nishonga olinayotganini qoralaydi”, deyiladi TIV bayonotida.

Mazkur hujumlar oqibatida Hindiston fuqarolari ham halok bo‘lgani aytilmoqda. Hormuz bo‘g‘ozining yopilish xavfi Hindistonni muqobil yo‘llarni qidirishga, xususan, Rossiyadan neft sotib olish hajmini oshirishga majbur qilmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar