Daryo

“Urush qachon tugashini biz hal qilamiz” — Eron harbiylari

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Trampning “urush tez orada tugashi” haqidagi bayonotiga javob qaytardi. Eron jang maydonidagi shartlarni u belgilashini ta’kidladi.

1 daqiqa o‘qish7 138 ko‘rishlar0 izoh9

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSH prezidenti Donald Trampning “urush tez orada tugashi” haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

“Urush qachon tugashini aynan biz hal qilamiz. Jang maydonidagi shartlar va urushning yakuni Islom respublikasi qo‘lida”, deyiladi Tasnim agentligi tarqatgan bayonotda.

​

AQSH prezidenti Eronga qarshi urush kutilganidan ancha tezroq yakunlanishi mumkinligini aytgandi.

“Menimcha, urush deyarli tugadi. Ularda flot yo‘q, aloqa tizimlari yo‘q, harbiy-havo kuchlari yo‘q... Urush jadvaldan ancha ilgarilab ketmoqda”, degan u.

Fevral oxirida Tramp urush to‘rt-besh haftada tugashini bildirgandi. O‘tgan hafta oxirida esa Oq uy bu muddatni olti haftagacha uzaytirdi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi mamlakati raketa zarbalarini “qancha kerak bo‘lsa, shuncha davom ettirishini” aytdi. U o‘z mamlakatiga hujumlar davom etayotgani, biroq Eron ularga tayyorligini ma’lum qildi.

“Biz ularga raketalarimiz bilan qancha kerak bo‘lsa, shuncha hujum qilishga to‘liq tayyormiz”, dedi Aroqchi.

Vazir AQSH bilan yangi muzokaralar o‘tkazish ehtimolini ham istisno qildi. U Tehron “amerikaliklar bilan muzokaralardan juda achchiq tajriba” olganini, shu sababli muzokaralar Eron kun tartibida emasligini ta’kidladi.

AQSH va Isroil fevral oxirida Eronga havo hujumlarini boshladi. Aviazarbalar oqibatida oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy va Eron rahbariyatining boshqa a’zolari halok bo‘ldi. Tehron bunga javoban Isroil hamda AQSHning Fors ko‘rfazidagi obyektlariga zarbalar berdi. Urush boshlanishidan oldin AQSH va Eron yadroviy dastur bo‘yicha bilvosita muzokaralar olib borgan, biroq ular muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar