Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Eronga qarshi urushga qo‘shilishga yaqinlashmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu davlatlar Eron hujumlari sababli pozitsiyasini qat’iylashtirmoqda. Harbiy mojaro Fors ko‘rfazi davlatlarining iqtisodiyotiga zarar yetkazmoqda va Tehronga Hormuz bo‘g‘ozi ustidan uzoq muddatli ta’sir o‘rnatish imkonini bermoqda.
Saudiya Arabistoni AQSH kuchlariga o‘zining “Qirol Fahd” aviabazasidan foydalanishga ruxsat berdi. Avvalroq qirollik o‘z hududi va havo maydonidan Eronga qarshi hujumlarda foydalanishga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan edi. Ammo Eron Saudiya Arabistonidagi energetika obyektlariga va Ar Riyodga raketa hamda dronlar bilan zarba bera boshlagach, bu pozitsiya o‘zgardi. Hozirda valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon javob zarbasini berish va hujumlarga qo‘shilish qaroriga yaqin turibdi.
“Qirollikning urushga kirishishi faqat vaqt masalasidir. Saudiya Arabistonining Eron hujumlariga sabr-toqati cheksiz emas. Ko‘rfaz davlatlari javob berishga qodir emas, degan har qanday fikr noo‘rin”, dedi Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon o‘tgan hafta jurnalistlarda.
Uning bu bayonoti Eron Fors ko‘rfazi davlatlaridagi energetika infratuzilmasiga bir qator hujumlardan so‘ng yangradi.
BAA esa bu orada Eron bilan bog‘liq aktivlarga bosimni kuchaytirmoqda. Mamlakat Eronning moliyaviy tizimi uchun muhim oqimlarni yopishi mumkin. 23-mart kuni Dubayda Eron kasalxonasi va Eron klubi yopib qo‘yildi. Shifoxonaning telefon raqamlari, WhatsApp kanali va sayti ishlamay qoldi. Dubay sog‘liqni saqlash idoralari muassasa endi ishlamayotganini aytdi.
“Eron rejimi va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ayrim muassasalar Eron xalqiga xizmat qilmaydigan kun tartibini ilgari surishda noto‘g‘ri foydalanilgani va BAA qonunchiligini buzgani aniqlangandan so‘ng maqsadli choralar doirasida yopiladi”, dedi hukumat.
BAA yillar davomida eronlik bizneslar uchun muhim moliyaviy markaz bo‘lib kelgan. Endi esa u milliardlab dollarlik Eron aktivlarini muzlatib qo‘yishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Bu choralar Tehronning valyuta tushumlari va global savdo tizimlariga kirishini jiddiy cheklashi mumkin. Ayni paytda mamlakatda inflyatsiya va sanksiyalar bosimi ham kuchayib bormoqda.
Rasmiy bayonotlarda Ko‘rfaz davlatlari Eronga qarshi hujumlarda ishtirok etmasligini aytmoqda, biroq amalda vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Eronga qarshi ba’zi raketa zarbalari Bahrayndan amalga oshirilgan.
AQSH rasmiylariga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi “shahzoda Sulton” aviabazasida AQSH harbiy-havo kuchlarining beshta yonilg‘i quyish samolyoti Eron raketa zarbasida shikastlangan. Amerika harbiylari arab davlatlari urushda qanchalik ishtirok etayotgani haqida izoh berishdan bosh tortgan.








