Eron ulamolaridan iborat ekspertlar kengashi AQSH va Isroilning havo hujumlarida halok bo‘lgan Ali Xomanaiyning ikkinchi o‘g‘li Mojtabo Xomanaiyni mamlakat oliy rahnamosi lavozimiga munosib ko‘rdi. Bu haqda The Guardian gazetasi xabar berdi.
Mojtabo Xomanaiy shu kunga qadar biror rasmiy davlat lavozimini egallamagan bo‘lsa-da, mamlakatning eng nufuzli shaxslaridan biri hisoblanadi.
Bu tayinlovni Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Yaman husiylari ham olqishladi.
“Eron Islom Respublikasi rahbariyati va xalqini muhim hamda burilish nuqtasidagi ushbu paytda Sayyid Mojtabo Xomanaiyni Islom inqilobi oliy rahnamosi etib saylangani bilan tabriklaymiz”, deyiladi guruhning Telegram’dagi bayonotida.
Ular bu qarorni “Islom inqilobi uchun yangi g‘alaba va Eron Islom Respublikasi hamda xalqining dushmanlariga kuchli zarba” deb atadi.
Gazetaning yozishicha, ushbu tanlov urushni yanada keskinlashishiga olib kelishi mumkin. Chunki Donald Tramp Mojtabo Xomanaiyni ehtimoliy voris sifatida oldindan tilga olib, bunday natijani “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb aytgan edi.
Mojtabo Xomanaiyning oliy rahbarlikka ko‘tarilishi 1979-yilgi Islom inqilobidan beri ilk bor Eron oliy rahbarligi otadan o‘g‘ilga o‘tganini anglatadi. 37 yil hukmronlik qilgan Oyatulloh Ali Xomanaiy 28-fevral kuni AQSH va Isroil tomonidan berilgan aviazarbalar oqibatida halok bo‘lgan edi.
Mamlakat OAV Eron qurolli kuchlari rahbariyati yangi oliy rahnamoga sodiqlik bildirishini ma’lum qildi. Parlament spikeri esa bu qarorni olqishlab, Mojtabo Xomanaiyga ergashishni “diniy va milliy burch” deb atadi.
Eron xavfsizlik xizmati rahbari yangi rahbar mamlakatni hozirgi nozik davrdan olib o‘ta olishini ta’kidladi. Inqilobiy gvardiya esa unga bo‘ysunishga tayyor ekanini bildirib, asosiy davlat institutlarining birvarakayiga qo‘llab-quvvatlashini namoyon qildi.
AQSH prezidenti Donald Tramp esa yakshanba kuni Eronning navbatdagi oliy rahnamosi, Tehron avval uning roziligini olmasa, “uzoq vaqt turib bera olmaydi”, deya bayonot bergan. Shuningdek, u Mojtabo Xomanaiyni “qabul qilib bo‘lmaydigan tanlov” deb atagan. Tramp Eron rahnamosi sifatida Ali Xomanaiy o‘g‘lining kelishi ehtimolini rad etib, Vashington Eronning kelajak siyosiy yo‘nalishida o‘z so‘ziga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
Shu kuni Isroil harbiylari X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida fors tilida yozgan xabarida Ali Xomanaiyning har qanday vorisini ta’qib qilishda davom etishini va uni tayinlashga urinayotgan har bir shaxsni ham nishonga olishini bildirdi.
Ko‘plab tahlilchilarga ko‘ra, Mojtabo Xomanaiyning tayinlanishi rejim hali ham kuchli ekanini va G‘arb bosimiga bo‘ysunmasligini ko‘rsatishga qaratilgan ramziy qadamdir.








