O‘zbekistonga 2026-yil yanvar—fevral oylarida 156,9 million dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlari import qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi saytida maʼlumot berildi.
Go‘sht importining asosiy ulushi qoramol go‘shti hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ikki oy davomida xorijdan umumiy qiymati 120 million dollarlik 25,9 ming tonna mol go‘shti sotib olingan. Taqqoslash uchun, 2025-yil mos davridagi jami qiymat 68,3 million dollarni tashkil etgan (17,3 min tonna). Bir yil ichida mol go‘shti importidagi farq ikki baravarga yaqinlashgan.
O‘tgan ikki oyda 13,7 million dollarlik tovuq go‘shti importi amalga oshirilgan. 2025-yil yanvar—fevralida bu ko‘rsatkich 11,4 million dollar bo‘lgan.
O‘z navbatida 3,3 ming tonna qo‘y go‘shti importining qiymati 8,1 million dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning dastlabki ikki oyida 3,4 ming tonna qo‘y go‘shti 3,4 million dollarga olib kelingandi. Bunda miqdorda biroz qisqarish, narxda esa keskin o‘sish kuzatilganini ko‘rish mumkin.
Yanvar—fevral oylarida 5,9 million dollarlik go‘sht submahsulotlari import qilingan (2025-yil mos davrida 2,8 million dollar). Shu bilan birga, chet eldan 4,6 million dollarlik konservalangan go‘sht mahsulotlari xarid qilingan. Mazkur raqam 2025-yil mos davridagidan 1,8 million dollarga ko‘p.
Ikki oy ichida 521,7 ming dollarlik o‘rdak go‘shti import qilingan va bu qiymat o‘tgan yil mos davriga nisbatan qariyb 35 baravarga oshgan.
Avvalroq O‘zbekistonda 2026-yil yanvarda qo‘y go‘shti 2025-yil yanvardagiga nisbatan 27,2 foizga qimmatlashgani xabar qilingandi. O‘z navbatida mazkur davrda suyaksiz mol go‘shti 25 foizga, suyakli mol go‘shti narxi 23,8 foizga ko‘tarilgan.








