Daryo

Sentyabrda mol goʻshti importi sezilarli kamaydi

Oʻtgan oyda avgustdagidan 1,5 ming tonna kamroq mol goʻshti olib kelingan. Mahsulotning import narxi koʻtarilgan.

2 daqiqa o‘qish2 266 ko‘rishlar0 izoh0

2025-yil sentyabr oyida Oʻzbekistonga jami qiymati 84,8 mln dollarlik goʻsht mahsulotlari import qilingan. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi rasmiy saytida maʼlumot berildi.

Doimgidek importning katta qismi mol goʻshti hissasiga toʻgʻri kelgan. Biroq xorijdan mazkur turdagi mahsulotni olib kelish miqdori avgustdagidan kamaygan.

Sentyabrda umumiy qiymati 61,2 mln dollarlik 14,1 ming tonna, avgustda 66 mln dollarlik 15,5 ming tonna qoramol goʻshti importi amalga oshirilgan. Bunda bir oylik import hajmi 1,5 ming tonnaga kamaygan. Import mol goʻshtining har bir kilosi narxi 4,39 dollarga yetgan(+0,15 dollar).

Oʻtgan oyda 8,2 mln dollarga 3 ming tonna qoʻy goʻshti import qilingan. Taqqoslash uchun, 2024-yil sentyabrda 2,7 mln dollarga 1,9 ming tonna qoʻy goʻshti olib kelingandi. Yaʼni mazkur mahsulot importida sezilarli oʻsish kuzatilgan. Qoʻy goʻshtining import narxi oʻrtacha 2,70 dollarga yetgan (+0,31 dollar).

Oʻz navbatida joriy yil sentyabr oyida 8,6 mln dollarga 7,6 ming tonna tovuq goʻshti import qilingan. Oʻtgan yil mos davrida chet eldan 7,2 mln dollarga 5,9 ming tonna tovuq goʻshti xarid qilingandi. Narxlar esa arzonlashgan va har bir kilo goʻsht 1,12 dollarni tashkil etgan (-0,13 dollar).

Yillik hisobda Oʻzbekistonga goʻsht importi sezilarli ortib borayotganini koʻrish mumkin. Jumladan, 2025-yil yanvar–sentyabr oylarida umumiy qiymati 461 mln dollarlik 112,1 ming tonna mol goʻshti import qilingan. Taqqoslash uchun, 2024-yil mos davrida xorijdan 243,3 mln dollarga 62,1 ming tonna mol goʻshti olib kelingandi.

Oʻz navbatida qoʻy goʻshti importi oʻtgan yil toʻqqiz oyidagi 8 ming tonnadan bu yil yanvar–sentyabrda 20 ming tonnaga koʻpaygan (ikki baravardan ortiq). Tovuq goʻshti importi ham yillik hisobda deyarli 5 ming tonna koʻpaygan (40,6 ming tonnadan 45,4 ming tonnaga).

Avvalroq Statistika qoʻmitasi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻsishi boʻyicha koʻrsatkichlarni eʼlon qilgandi. Unga koʻra, 2024-yil sentyabrdan joriy yil sentyabrgacha boʻlgan davrada suyaksiz mol goʻshti (lahm) narxi 25,2 foizga, suyakli mol goʻshti 23,2 foizga, qoʻy goʻshti 26,8 foizga qimmatlashgan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar