O‘zbekistonda 2026-yil yanvar oyida tovar va xizmatlar narxlari umumiy hisobda 0,7 foizga oshdi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi maʼlumot berdi.
Oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foizga, nooziq-ovqatlar 0,4 foizga, xizmatlar 0,8 foizga qimmatlashgan. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan qo‘y go‘shti 1,6 foiz, suyaksiz mol go‘shti 1,1 foiz, suyakli mol go‘shti qiymati 1 foiz oshgan. Parranda go‘shti 1,5 foiz, sut 1 foiz, tuxum narxi 0,6 foizga ko‘tarilgan.
Bir oy ichida bulg‘or qalampiri 18,5 foiz, banan 6,3 foiz, limon 4,9 foiz, karam 3,8 foiz, kartoshka 1,9 foiz, sabzi 1,8 foiz, piyoz qiymati 1,2 foiz foiz ko‘tarilgan.
Yanvarda avtosug‘urta xizmatlari rekord darajada — 381,8 foizga qimmatlashgan. Ko‘mir 2,3 foiz, yoqiladigan yog‘och 1,7 foiz, issiq suv taʼminoti 0,9 foiz, benzin 0,6 foiz, propan 8,9 foiz, metan narxi 0,1 foiz ko‘tarilgan.
O‘z navbatida haydovchilikka tayyorlash kurslari, darslari, imtihonlari va guvohnoma olish narxlari o‘rtacha 5 foizga qimmatlashgan. “Bu nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish qiymati oshgani hisobiga yuz berdi”, deya izohlagan qo‘mita.
Yillik ko‘rsatkichlar
Yanvar oyida O‘zbekistonda yillik inflyatsiya darajasi 7,2 foizni tashkil etdi. Bu oxirgi to‘qqiz yil ichidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
O‘tgan oyda qo‘y go‘shti narxi 2025-yil yanvardagiga nisbatan 27,2 foizga, suyaksiz mol go‘shti 25 foizga, suyakli mol go‘shti 23,8 foizga qimmatlashgan. Sut yillik hisobda 6 foizga, o‘simlik yog‘i 12,8 foizga, limon narxi 90,8 foizga oshgan.
Bir yil ichida mobil aloqa xizmatlari 17,9 foizga, propan 12,3 foizga, metan narxi 30,2 foizga ko‘tarilgan. Shu bilan birga, uzoq masofaga qatnaydigan poyezd chiptalari 8,6 foizga, aviaqatnovlar 17,1 foizga qimmatlashgan.
Hududlarda narxlar o‘sish darajalari
O‘zbekiston hududlarida tovar va xizmatlar narxlari oshishida farqlar mavjud. Ayrim viloyatlarda inflyatsiya darajasi umumiy yillik ko‘rsatkichdan past, boshqalarida baland shakllanadi. Masalan, 2025-yil yanvardan joriy yil yanvarigacha bo‘lgan davrda eng yuqori inflyatsiya Farg‘ona viloyatida kuzatilgan — 7,7 foiz. Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda ham narxlar nisbatan tezroq o‘sgan — 7,5 foiz. Eng past darajadagi narxlar oshishi Jizzax (6,7 foiz) va Toshkent (6,8 foiz) viloyatlarida qayd etilgan. Qolgan hududlardagi yillik inflyatsiya ko‘rsatkichlari quyidagicha bo‘lgan:
- Namangan viloyati — 7,4 foiz foiz;
- Surxondaryo viloyati — 7,4 foiz;
- Sirdaryo viloyati — 7,3 foiz;
- Andijon viloyati — 7,2 foiz;
- Samarqand viloyati — 7,2 foiz;
- Toshkent shahri viloyati — 7,2 foiz;
- Qashqadaryo viloyati — 7 foiz;
- Navoiy viloyati — 7 foiz.
Foto: “Daryo”








