Daryo

Yaqin Sharqni titratayotgan urushning bir haftasi: talafotlar va qurollar tahlili

Eron bu kun uchun salkam yarim asr tayyorgarlik ko‘rdi. Raketa dasturini rivojlantirdi, uzoq masofaga zarba beruvchi dronlardan son-sanoqsiz yig‘di, qimmatli aktivlarni saqlash uchun tog‘lar ostida bazalar qurdi. “Daryo” AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushida kimning qo‘li baland kelayotganini, AQSH samolyotlarini kim urib tushirganini, eronliklar qanday qurollar bilan jang qilayotganini va eng muhimi, urush yana qancha davom etishini tahlil qildi.

8 daqiqa o‘qish17 966 ko‘rishlar0 izoh14

Eron urushning dastlabki soatlaridayoq qaqshatqich talafot ko‘rdi. Ammo mamlakat bu kun uchun salkam yarim asr tayyorlangan edi. Islom respublikasi yillar davomida raketa dasturini rivojlantirdi, uzoq masofaga zarba beruvchi dronlardan son-sanoqsiz miqdorda g‘amlab qo‘ydi. O‘zining eng qimmatli aktivlarini saqlash uchun tog‘larni o‘yib, yerosti bazalari qurdi. Hozir esa bularning bari Eronga mintaqaning va dunyoning eng qudratli davlatlari bilan jang qilish va talafot yetkazish imkonini beryapti. Tehron shu bilan cheklanmay, butun mintaqani olov ichida qoldirdi va bu bilan global darajada diqqat markaziga tushdi.

Qo‘shma Shtatlar va Isroilning Eronga hujumi kutilmaganda boshlandi. Shu bois Eron rahbariyati, jumladan, qo‘mondonlik zanjiri boshsiz qoldirildi. Biroq Eron mazkur ssenariyga allaqachon tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygandi. Shu bois o‘ldirilgan yetakchilar o‘rnini avvaldan kelishilgan shaxslar egalladi. Natijada bu iyerarxiya qulab, xaos boshlanishining oldini oldi. Mamlakat bosh diplomati Abbos Aroqchining taʼbiri bilan aytganda, 2025-yilgi 12 kunlik urushda Eron birinchi zarbadan 12 soat o‘tib javob qaytargan bo‘lsa, bu safar reaksiya ko‘rsatish uchun 2 soat kifoya qildi.

Hujumdan keyingi voqealar arab davlatlari qo‘rqqan ssenariy asosida rivojlandi. Eron Isroilga zarba berish bilan cheklanmay, Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi bazalarini ham nishonga oldi. Bu esa ham tinch aholi, ham harbiylar orasida yo‘qotishlarga olib keldi. Qolaversa, zarbalar ko‘rfaz mamlakatlari mudofaasidagi zaif nuqtalarni ochib berdi. Shu bilan birga, Eron qaqshatqich talafotlarga qaramay, javob qaytarishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Dubay xalqaro aeroporti Eron hujumidan so‘ng

Bu mojaroni boshlagan ikki davlatdan biri sifatida Qo‘shma Shtatlar ham yo‘qotishlarga uchradi. Biroq tomonlarning talafotlari haqida alohida to‘xtalishdan oldin, urush qanday boshlanganiga va Eron nima uchun hujumning ilk to‘lqinini qaytara olmaganiga eʼtibor qaratish joiz.

Hozirlik jarayonlari

Donald Tramp Eronga hujum qilish haqida 28-fevral kuni buyruq berdi. Ammo bunga tayyorgarlik bir necha oy oldin boshlangandi. Pentagon avvaliga bu kabi yirik amaliyotlar uchun poydevor hisoblangan logistika zanjirini yo‘lga qo‘ydi. Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi bazalari yuqori intensivlikda ishlashga moslashtirildi. Shuningdek, o‘q-dori, yonilg‘i va ehtiyot qismlarining zaxirasi shakllantirildi.

Shundan so‘ng mintaqaga birma-bir qiruvchi samolyotlar, havoda yonilg‘i quyish tankerlari, raketaga qarshi mudofaa tizimlari va harbiy kemalar olib kelindi. Jarayonda, ayniqsa, F-35 va F-22 kabi beshinchi avlod qiruvchilari hamda aviatashuvchilar shov-shuv ko‘tardi. Ular Isroilga, shuningdek, Qo‘shma Shtatlarning Iordaniya, Qatar, Iroq va Birlashgan Arab Amirliklaridagi bazalariga joylashtirildi.

AQSH Eronga hujumni Tomahawk qanotli raketalari bilan boshladi. Qo‘shma Shtatlarning ushbu turdagi raketalari 1 600 km masofadagi nishonlarga radarlarda sezilmay zarba berishi mumkin. Shu bois AQSH harbiylari ulardan yirik harbiy operatsiyalarda dushman havo mudofaa tizimlari va qaror qabul qilish markazlarini yo‘q qilishda foydalanadi. Eron bilan ham vaqt sinovidan o‘tgan xuddi shu usul qo‘llandi.

Ammo bu hammasi emas. AQSH harbiylari Eronning Isroil bilan 12 kunlik urushdan omon chiqqan sanoqli zenit-raketa komplekslarini ham nishonga oldi. Buning uchun bir necha ayyorona usullar qo‘llandi. ADM-160 MALD raketalari shular jumlasidan. Soddaroq aytganda, ular xo‘rak vazifasini bajaradi. Yaʼni eronliklar bu kabi raketalarni haqiqiy nishon deb o‘ylab, zarba beradi. Natijada o‘zlarining joylashuvi ham fosh bo‘lib qoladi. Biroq Pentagon Eronga qarshi bunday raketalar qo‘llanganini tasdiqlamadi. Yana bir chora esa EA-18G Growler elektron urush samolyotlari bilan bog‘liq. Ular dushman radarlari chiqarayotgan radioto‘lqinlarni aniqlab, muayyan chastotada shovqinli signal yuboradi. Natijada havo mudofaasi ko‘r va kar holatga tushadi.

Talafotlar

Birgina Isroilning o‘zi mojaroning dastlabki besh kunida 2 000 dan ortiq jangovar parvoz amalga oshirib, Eronga qarshi 5 000 dan ziyod raketa va bomba qo‘lladi. AQSH esa xuddi shu davr ichida qariyb 1 300 ta alohida nishonga zarba berdi. Xususan, hukumat idoralari, qo‘mondonlik markazlari, harbiy bazalar va havo mudofaa tizimlari hujumga uchradi. Shunga qaramay, Eronning javob qaytarish salohiyati hanuz saqlanib qolyapti.

Qolaversa, mamlakat faqatgina Isroil bilan cheklanmay, Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi bazalari, boshqacha aytganda, arab davlatlarini ham nishonga olmoqda. Hujumlar natijasida yahudiy davlatining kamida 9 nafar fuqarosi halok bo‘lgan. Bundan tashqari, Eron osmonida Isroilning kamida ikkita Hermes 450 operativ-taktik droni urib tushirilgan. Ammo bu hammasi emas. Eronliklar Isroilning qiruvchi samolyotini ham urib tushirishi mumkin edi. Lekin raketa nishonga tegmadi. Isroil rahbariyati qatʼiy harbiy senzura o‘rnatgani bois talafotlar haqidagi maʼlumotlar shu bilan cheklanadi.

Yahudiy uchuvchi muqarrar halokatdan qutulib qolgan bo‘lsa-da, uning baʼzi amerikalik hamkasblariga omad kulib boqmadi. Qo‘shma Shtatlarning Kuvayt osmonida parvoz qilayotgan uchta F-15 qiruvchi samolyoti mojaroning dastlabki kunlaridayoq urib tushirildi. Olti nafar uchuvchining barchasi katapulta mexanizmi sabab tirik qoldi. Biroq AQSH uchta samolyotidan ayrilib, 150-300 mln dollar zarar ko‘rdi. Keyinroq maʼlum bo‘lishicha, ularni Kuvayt havo mudofaa tizimlari urib tushirgan. Yirik havo kampaniyalari vaqti tez-tez kuzatiladigan bunday holat “do‘stona o‘t ochish” deb ataladi.

Oradan bir necha kun o‘tib esa Eron hududida yana bir F-15 Strike Eagle samolyoti quladi. Halokat sababi ochiqlanmagan bo‘lsa-da, fors manbalari qiruvchi urib tushirilgani haqidagi iddaoni ilgari surishdi. F-15 haqida navbatdagi xabar ham uzoq kuttirmadi. Bu esa holat Iroqning Basra shahri yaqinida yuz berdi. Eron tomoni fyuzelyaj tuzilishidan ham F-15, ham MiG-29 ni eslatib yuboradigan samolyot urib tushirilgani aks etgan videoni eʼlon qildi. Tehron versiyasi kuzatuvchilarni ikkiga bo‘lib qo‘ydi. Baʼzilar eronliklar adashib o‘z samolyotini urib qo‘yganini taʼkidlasa, boshqalar bu F-15 bo‘lgani, boisi Eronning MiG-29 qiruvchilari Iroqqacha yetib kela olmasligi bildirgan.

Ammo Qo‘shma Shtatlarning talafotlari faqat bu bilan cheklanmaydi. Kuvaytda joylashgan portga zarba berish natijasida kamida 6 nafar amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Raketa vaqtinchalik boshqaruv markaziga kelib tushib, yong‘inga sabab bo‘lgan. Shu bois jasadlarini olib chiqish ancha vaqtga kechikkan.

Eron, bundan tashqari, AQSHning mintaqadagi radar stansiyalari, logistika bazalari va flot shtab kvartiralarini ham nishonga olgan. Natijada THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimining Iordaniya va Birlashgan Arab Amirliklaridagi radarlari zarar ko‘rgan yo butunlay ishdan chiqarilgan. Ularning har biri yarim milliard dollardan bir milliard dollargacha baholanadi. Qo‘shma Shtatlar harbiylarida ulardan atigi 14 ta bo‘lgan xolos. Eron bundan tashqari, AQSHning Qatarda joylashgan AN/FPS-132 statsionar radar stansiyasiga ham zarar yetkazgan. U qitʼalararo ballistik raketalarni aniqlash, kuzatish va trayektoriyasini hisoblashga mo‘ljallangan, qolaversa past orbitadagi sunʼiy yo‘ldoshlarni monitoring qiladigan 1,1 mlrd dollarlik obyekt edi.

Qatarda joylashgan AN/FPS-132 radar stansiyasi raketa hujumidan so‘ng
Foto: Planet Labs

Eronliklarning to‘xtovsiz zarbalari Qo‘shma Shtatlarga bilvosita ham zarar yetkazyapti. Boisi Vashington ittifoqchilari va mintaqadagi bazalarini himoyalash uchun joylashtirgan havo mudofaa tizimlari uchun raketalar tugab bormoqda. Masalan, Patriot tizimlarida qo‘llaniladigan raketalar 3—5, THAAD kompleksi raketalari esa 13—15 mln dollar turadi. Odatda bitta ballistik raketani tutib olish uchun ulardan ikkitasi uchiriladi. Reuters xabariga ko‘ra, Pentagon ishlatilgan zaxiralar o‘rnini to‘ldirish uchun 50 mlrd dollarlik favqulodda byudjet so‘rovi tayyorlayapti.

Qo‘shma Shtatlar Eron raketalarini tutib olishda ancha qiyinchiliklarga uchrayotgan bo‘lsa, Shahed dronlariga qarshi arzonroq yechim topildi. Yaʼni AQSH harbiylari uchuvchisiz uchish qurilmalarini urib tushirishda APKWS II moduli o‘rnatilgan Hydra 70 raketalaridan keng foydalana boshladi. Modul va raketaning narxi taxminan 25—30 ming dollarga boradi. Bu bir necha million dollarlik zenit raketalardan ancha arzondir. “Daryo” muxbiri Saudiya Arabistonida o‘tgan World Defense Show ko‘rgazmasida qatnashib, “Shahed’larni ovlash” uchun modernizatsiya qilingan F-16 qiruvchiga guvoh bo‘lgandi. Ular bitta missiyada bu kabi raketalardan 42 ta olib uchishi mumkin. Nishonlarni mo‘ljalga olishda esa lazer yo‘naltirgichdan foydalaniladi.

APKWS II moduli bilan modernizatsiya qilingan F-16 qiruvchisi, WDS ko‘rgazmasida
Foto: “Daryo”

Gap talafotlarga kelganda, arab davlatlari ham salmoqli yo‘qotishlarga uchradi. Kuvayt Eron hujumlarini qaytarish jarayonida ikki nafar harbiy xizmatchi va tinch aholi vakili halok bo‘lganini maʼlum qildi. Birlashgan Arab Amirliklarida ham uch nafar muhojirning yostig‘i quridi. Bahraynda esa ikki kishi qurbon bo‘ldi. Abu Dabining maʼlum qilishicha, Eron mojaroning dastlabki ikki kunida ushbu mamlakatga kamida 541 ta dron, 165 ta ballistik raketa va ikkita qanotli raketa bilan zarba bergan.

Eronda inson huquqlari buzilishini kuzatib boruvchi HRANA agentligining maʼlum qilishicha, mojaro boshidan buyon 1 200 ga yaqin eronlik qurbon bo‘lgan. Bundan tashqari, Eronning radar stansiyalari, raketa ishlab chiqarish korxonalari, o‘q-dori omborlari va boshqalar yo‘q qilingan. Shuningdek, Eron harbiy dengiz kuchlariga tiklab bo‘lmas darajada zarar yetkazilgan. AQSH Markaziy qo‘mondonligi xabariga ko‘ra, mamlakat flotiga tegishli 20 dan ortiq kema, jumladan, Shahid Bagheri dron tashuvchisi safdan chiqarilgan.

Shuningdek, Shri Lanka qirg‘oqlari yaqinida IRIS Dena fregati cho‘ktirilgan. Natijada kamida 87 nafar eronlik dengizchi halok bo‘lgan. Bundan tashqari, amerikaliklar aerodromlarda turgan Su-22 va F-4 Phantom kabi qiruvchilar nishonga olingan. Qolaversa, Tehron osmonida Yak-130 o‘quv mashg‘ulot samolyoti urib tushirilgan. Ammo eskirib bo‘lgan 4—5 ta samolyot mamlakat uchun eng og‘riqli yo‘qotish hisoblanmaydi. Tehronning haqiqiy boshog‘rig‘i boshqa muammo bilan bog‘liq.

AQSH va Isroil Eron ballistik raketa uchirish shaxtalari va mobil platformalarga qarshi tom maʼnoda ov eʼlon qilgan. Ular lazer yordamida boshqariluvchi o‘q-dorilar bilan to‘xtovsiz nishonga olinmoqda. Agar bu kabi platformalarning bari safdan chiqsa, raketalarni uchirish imkonsiz ishga aylanib qoladi. Isroilning 11-kanaliga ko‘ra, Eronda uzoq masofali raketalarni uchirish uchun ko‘pi bilan yuzdan ortiq platforma qolgan. Shu bois Eron yerosti shaxtalaridan foydalanishni boshladi.

Urush yana qancha davom etadi?

Donald Tramp harbiy kampaniya boshlanganidan ko‘p o‘tmay qilgan murojaatida Eronda rejimni qulatish niyati borligini ochiq aytdi. Qolaversa, hukumatning nerv tolalari hisoblangan obyektlarga zarba berib, aholini davlat idoralarini egallashga undadi. Shunga qaramay, mamlakat kurashni davom ettirmoqda. Biroq ayni mana shu kun uchun o‘n yillar davomida yig‘ilgan zaxira yana qanchaga yetishi aniq emas. Ehtimol AQSH va Isroil mamlakatning uzoq masofali ballistik raketalar uchirishga mo‘ljallangan barcha platformalarini ishdan chiqarishi mumkin. Bu soddaroq aytganda, Isroilga zarbalar to‘xtashini anglatadi. Biroq Eronda Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi bazalariga yetib bora oladigan qisqa masofali ballistik va qanotli raketalarning soni ham, turi ham ko‘p. Eng muhimi, ularni uchirish uchun bahaybat yuk mashinalari talab etilmaydi. Bu esa platformalarni aniqlash va yo‘q qilishni qiyinlashtiradi.

Biroq Eron o‘z osmoni ustidan nazoratni qo‘ldan boy bergan sharoitda, voqealar rivojini bashorat qilib bo‘lmaydi. Boisi hozir AQSH va Isroil mamlakatning istalgan nuqtasiga zarba bera oladi. Qo‘mondonlik zanjiridan istalgan shaxsni o‘ldirishi yoki xohlagan obyektiga hujum qilishi mumkin. Ammo bu urush uzoq davom etmasligi ham mumkin. Boisi Tramp qisqa davom etadigan harbiy kampaniyalarni yoqtiradi. Tehronning esa aniqki, hozir qo‘li baland kelmayapti.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar