Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat davomida Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashib borayotgani hamda ziddiyatlar mintaqaviy barqarorlik va tinchlikka jiddiy tahdid solayotgani qayd etildi. Tomonlar ramazon oyida musulmon ummati o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan nomaqbul harakatlardan chuqur xavotir bildirdi.
Muloqot chog‘ida davlatlar suvereniteti, tinchligi va osoyishtaligiga xavf tug‘diradigan har qanday harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish mintaqa davlatlarining umumiy manfaatlariga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi Qatarda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash va ularni vatanga qaytarish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar hamda yaratilgan sharoit uchun amirga alohida minnatdorlik bildirdi.
O‘z navbatida Qatar amiri hozirgi murakkab vaziyatda O‘zbekiston prezidenti bilan do‘stona muloqot olib borilayotgani, bildirilayotgan samimiy birdamlik hamda ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik izhor etdi.








