Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Tomonlar oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat tobora keskinlashib, nizo va ziddiyatlar avj olayotgani qattiq tashvishga solayotganini qayd etdi.
Ramazon oyida roʻy berayotgan bunday noxush holatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi hamda tinchlik-osoyishtalikka tahdid solayotgan har qanday harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish zarurligi taʼkidlandi.
Davlat rahbari ushbu murakkab damlarda Oʻzbekistonning strategik sherigi va yaqin hamkori boʻlgan Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati va xalqi bilan birdam va yakdil ekanini bildirdi.
Hozirda ushbu mamlakatda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolariga koʻrsatilayotgan amaliy koʻmak, ularni vataniga qaytarish boʻyicha olib borilayotgan choralar uchun alohida tashakkur izhor etdi.
Oʻz navbatida amirliklar yetakchisi ushbu sinovli damlarda Oʻzbekiston prezidentining samimiy qoʻllab-quvvatlagani, koʻrsatayotgan birodarlik hurmati va hamjihatlik ruhi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Ummon sultoni Haysam bin Toriq Ol Said o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tgandi. Muloqotda Yaqin Sharqdagi hozirgi murakkab vaziyat muhokama qilinib, yuzaga kelgan beqarorlik jiddiy tashvish uyg‘otayotgani qayd etilgan.
Ummon sultoni O‘zbekiston yetakchisiga hamjihatlik va birdamlik tuyg‘ulari uchun tashakkur izhor etib, Masqatga bo‘lajak oliy darajadagi tarixiy tashrif yuqori saviyada o‘tishiga ishonch bildirgan.








