Shavkat Mirziyoyev va Ummon sultoni Haysam bin Toriq Ol Said o‘rtasida 4-mart kuni telefon suhbati bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda Yaqin Sharqdagi hozirgi murakkab vaziyat muhokama qilinib, yuzaga kelgan beqarorlik jiddiy tashvish uyg‘otayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston prezidenti Ummon hududida sodir bo‘lgan bunday harakatlardan xavotirda ekanini bildirib, O‘zbekiston har qanday qarama-qarshilik hamda ziddiyatni siyosiy-diplomatik va tinch yo‘llar bilan, muzokaralar orqali hal qilishning qat’iy tarafdori ekanini ta’kidladi.
Davlat rahbari sultonlikning mintaqada xavfsizlikni taʼminlash borasida amalga oshirib kelayotgan faol vositachilik roli va izchil saʼy-harakatlarini alohida eʼtirof etdi.
Shuningdek, Ummonda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash va ularni vataniga qaytarish uchun yaratilayotgan shart-sharoit uchun sultonga chuqur minnatdorlik bildirdi.
O‘z navbatida Ummon sultoni O‘zbekiston yetakchisiga hamjihatlik va birdamlik tuyg‘ulari uchun tashakkur izhor etib, Masqatga bo‘lajak oliy darajadagi tarixiy tashrif yuqori saviyada o‘tishiga ishonch bildirdi.








