Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov qator Yaqin Sharq mamlakatlari vazirlari bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda u oʻz Telegram kanalida xabar berdi.
Baxtiyor Saidov dastlab Qatar bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Josim al Soniy bilan suhbatlashgan. Muloqotda tomonlar Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan fikr almashgan.
“Qatar bilan birdamligimizni bildirib, Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining samimiy hamdardligini yetkazdik. Suverenitet, hududiy yaxlitlik va kuch ishlatmaslik tamoyillariga qatʼiy rioya qilish muhimligini taʼkidladik”, deb yozgan vazir.
Baxtiyor Saidov BAA bosh vaziri oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Abdulla bin Zoid al Nahayon bilan ham telefon orqali bogʻlangan. Oʻzbekiston ushbu mamlakat bilan birdamligini bildirib, prezident Shavkat Mirziyoyevning samimiy hamdardligini yetkazgan.
Shuningdek, Kuvayt tashqi ishlar vaziri Shayx Jarroh As-Saboh, Ummon sultonligi tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr bin Hamad al-Busaydiy, Iordaniya bosh vazir oʻrinbosari, tashqi ishlar va ekspatriatlar masalalari boʻyicha vaziri Ayman Safadi bilan ham qoʻngʻiroqlashib, suhbatlashgan. Oʻz navbatida Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid al-Zayani bilan muloqot qilgan. Telefon orqali muloqotlardan yana biri Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan boʻlgan.
Barcha suhbatlar Yaqin Sharqdagi mojarolar toʻgʻrisida kechgan. Oʻzbekiston tomoni davlat suvereniteti va hududiy yaxlitlikni saqlash, xalqaro huquq normalariga qatʼiy rioya qilish borasida umumiy pozitsiyalar boʻyicha birdamligini tasdiqlagan. Barcha keskinlik va ziddiyatlarni tinchlik va barqarorlik manfaatlaridan kelib chiqib, muloqot va diplomatik vositalar orqali hal etishga sodiqligini qayd etgan.
Avvalroq Qatar havo hududi vaqtincha yopilgani sabab 48 nafar oʻzbekistonlik Doha aeroportida qolib ketgani xabar qilingandi. Oʻzbekistonning Dohadagi elchixonasi vakillari fuqarolarni mehmonxonalarga joylab, reyslar yoʻlga qoʻyilgach, vatandoshlarni Toshkentga kuzatib qoʻyishni zimmasiga olgan.
Yaqin Sharqda urush boshlandi
28-fevral kuni AQSH va Isroil harbiy raketalar bilan Eronga hujum qildi. Tehron va boshqa qator shaharlarda portlashlar kuzatildi. Eron esa javob zarbasi sifatida dastlab Isroilga, keyin Amerika harbiy bazalari joylashgan Qatar, BAA, Bahrayn, Iordaniyaga raketa zarbalari berishni boshlagan. Urush 1-mart kuni ham faol davom etdi. Yaqin Sharqdagi qator mamlakatlar havo hududlarini yopgan, aviareyslar toʻxtatilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Eron hujumlardan koʻproq talafot koʻrmoqda. Bugun mamlakatning qator yuqori martabali amaldorlari AQSH va Isroil hujumlari oqibatida halok boʻlgani xabar qilindi. Xususan, Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiy, mudofaa vaziri Aziz Nasirzoda, general-leytenant Abdulrahim Musaviy, mudofaa kengashi kotibi admiral Ali Shamxoniy, Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi qoʻmondoni general-leytenant Muhammad Pakpurlar halok boʻlgani tasdiqlangan. Erondagi qizlar boshlangʻich maktabiga berilgan raketa zarbalari sabab 148 nafar 7-12 yoshlar orasidagi qizlar qurbon boʻlgan.








