Bahrayn va Kuvayt iyul oyi boshida Eron hududidagi harbiy obyektlarga yashirin havo zarbalari bergan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib The Wall Street Journal xabar qildi.
Gazetaga ko‘ra, Bahrayn va Kuvayt harbiy samolyotlari Erondagi bir nechta nishonga hujum qilgan. Ular orasida dronlar va raketalar saqlanadigan omborlar ham bo‘lgan.
“Bu Bahrayn va Kuvaytning Eron hududiga bergan ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy zarbasi hisoblanadi. Operatsiya yashirin tarzda amalga oshirilgani sababli uning aniq sanasi, zarbalarda nechta samolyot qatnashgani va nishonlarga qay darajada zarar yetkazilgani ochiqlanmagan”, deyiladi xabarda.
WSJ manbalarining bildirishicha, Birlashgan Arab Amirliklari zarba beriladigan obyektlar haqida razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan. Shuningdek, BAA operatsiya vaqtida samolyotlarni havodan himoya qilishda ham ko‘maklashgan.
Gazeta Bahrayn va Kuvaytning qarorini Eron bilan davom etayotgan urush sharoitida arab mamlakatlari tushib qolgan murakkab vaziyat bilan izohlagan.
Eron urush boshlanganidan buyon Bahrayn va Kuvaytdagi obyektlarga bir necha marta raketa va dronlar bilan hujum qilgan. Har ikki davlat hududida AQSHning yirik harbiy obyektlari joylashgan. Manbalarga ko‘ra, Eron hujumlari takrorlanganidan keyin Bahrayn va Kuvayt rahbariyati javob zarbasi berish zarur, degan qarorga kelgan.
Birmingem universiteti siyosatshunosi Umer Karimning fikricha, Fors ko‘rfazi mamlakatlari urush yana ma’lum muddat davom etishini anglay boshlagan.
“Bu oxir-oqibat ular Eronga ochiq qarshilik ko‘rsatishiga to‘g‘ri kelishini anglatadi. Shu bilan birga, mintaqa davlatlari ochiq harbiy qarama-qarshilikka kirishishdan ehtiyot bo‘lmoqda. Chunki mojaroning kengayishi ularning neft eksporti, investitsiyaviy jozibadorligi, turizm sohasi va ichki xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin”, degan ekspert.
Bahrayn va Kuvayt hukumatlari WSJ’ning so‘rovlariga javob bermagan. Biroq Bahrayn va Kuvaytning hujumda ishtirok etgani haqidagi xabar tasdiqlansa, bu Fors ko‘rfazi davlatlarining Eronga nisbatan siyosatida muhim burilish bo‘ladi.
May oyida The Wall Street Journal BAA aprel oyida Eronga qarshi yashirin harbiy zarbalar bergani haqida xabar qilgandi. Hujum AQSH prezident Donald Tramp besh haftalik havo hujumlaridan soʻng o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilgan paytda amalga oshirilgan. Zarba oqibatida zavodda yirik yong‘in yuzaga kelgan va obyektning ishlab chiqarish quvvati bir necha oyga ishdan chiqqan.








