Daryo

Tramp Eron bilan urushda amerikalik askarlar o‘lishi mumkinligini aytdi

AQSH prezidenti Eronga hujumdan maqsad mamlakatning raketa salohiyatini va harbiy dengiz kuchlarini butunlay yo‘q qilish ekanini ta’kidladi. Tehron esa bunga javoban Isroil va Qo‘shma Shtatlarning arab davlatlaridagi bazalariga raketa zarbalari berdi.

2 daqiqa o‘qish8 471 ko‘rishlar0 izoh2

AQSH prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi yirik harbiy amaliyot boshlaganini ma’lum qildi. Oq uy rahbari shu haqda gapirar ekan, eronliklarning javob zarbasi sabab AQSH qurolli kuchlari yo‘qotishlarga uchrashi mumkinligini ta’kidladi.

Donald Trampning aytishicha, Eronga hujumdan maqsad mamlakatning raketa salohiyatini yo‘q qilish va harbiy dengiz kuchlarini “butunlay zararsizlantirish”dir. Qurolli mojaro Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Jenevada o‘tgan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan so‘ng boshlandi.

AQSH harbiylari jangovar amaliyotga “Epic Fury” deb nom berdi. Bu haqda Pentagon o‘zining X sahifasida ma’lum qildi. Qo‘shma Shtatlar rasmiylarga ko‘ra, amaliyot bir necha kun davom etishi mumkin. Bu Donald Tramp Oq uyga qaytgan 2025-yil 20-yanvar sanasidan buyon Eronga qilingan ikkinchi yirik hujum kampaniyasi hisoblanadi. Avvalroq Qo‘shma Shtatlar o‘tgan yil iyun oyida mamlakat yadroviy obyektlariga zarba berib, bu uchun strategik bombardimonchilardan foydalangan edi.

Eron o‘z suvereniteti buzilishiga javoban Isroil va Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi bazalarini nishonga oldi. Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Iordaniya hududiga eronliklar tomonidan uchirilgan raketalar kelib tushdi. Abu-Dabi shahrida tutib olingan raketa qoldiqlari sabab bir nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan.

Abu-Dabi shahriga berilgan raketa zarbasi oqibatlari
Foto: APA

Mojaro sabab Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi harbiylari orasidan ham qurbonlar berilishi mumkin. AQSH prezidenti bu haqda o‘zining Truth Social tarmog‘ida to‘xtaldi.

“Ma’muriyatim mintaqadagi AQSH harbiy xizmatchilariga xavflarni kamaytirish uchun barcha choralarni ko‘rdi. Shunga qaramay, Eron rejimi ularni o‘ldirishga intilmoqda”, degan u videomurojaatida.
​Uning so‘zlariga ko‘ra, urush sharoitida AQSH harbiylari ham halok bo‘lishi mumkinligini istisno qilib bo‘lmaydi.
“Jasur amerikalik qahramonlar hayotdan ko‘z yumishi mumkin. Bu urushda tez-tez sodir bo‘ladi. Ammo biz bu ishlarni bugun uchun emas, kelajak uchun qilmoqdamiz. Bu sharafli missiya”, degan Oq uy rahbari.
​AQSH prezidenti, bundan tashqari, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga murojaat qilib, tuzilma xodimlarini qurollarni tashlashga chaqirdi. Donald Tramp, ular bunday qilmagan taqdirda, “muqarrar o‘lim” bilan yuzlashishlarini aytdi.

Natijasiz yakunlangan muzokaralar

So‘nggi haftalarda Vashington va Tehron o‘rtasida Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha bir necha rounddan iborat muzokaralar o‘tkazilgan edi. Eng so‘nggi uchrashuv Jeneva shahrida bo‘lib o‘tdi. Biroq tomonlar kelishuvga erisha olmadi. AQSH prezidentining da’vo qilishicha, bunga Eron o‘z yadroviy dasturidan voz kechishni istamagani sabab bo‘lgan. Tehron esa Vashington qabul qilib bo‘lmas talablar qo‘yganini ta’kidlagan.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar