AQSH bir hafta ichida Yaqin Sharq va Yevropadagi bazalarga 150 dan ortiq harbiy samolyotni joylashtirdi. Bu haqda parvozlarni kuzatish bo‘yicha ochiq ma’lumotlar va sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayanib, The Washington Post xabar berdi.
Samolyotlarning ko‘payishi AQSH va Erdon o‘rtasidagi yadroviy xavfsizlik bo‘yicha muzokaralarda yutuq yo‘qligi fonida sodir bo‘lmoqda. AQSHning mintaqadagi hozirgi harbiy ishtiroki 2003-yildagi Iroq urushidan beri eng yirik ko‘lamlardan biri hisoblanadi.
Samolyotlar joylashuvini tahlil qilgan ekspertlarga koʻra, kuchlar miqyosi 2025-yilning iyun oyida Eron yadroviy dasturiga ehtimoliy zarbalarga tayyorgarlikdan ham koʻproq.
“Yig‘ilgan kuchlarning ko‘lami shuni anglatadiki, AQSH harbiylari prezident Trampning har qanday qarorini bajarishi mumkin — uzoq davom etadigan kampaniyadan tortib, yanada aniqroq, cheklangan zarbalargacha”, dedi AQSH mudofaa vazirining Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq o‘rinbosari, hozirda Vashington institutining tadqiqot direktori Dana Strol.
Samolyotlarning yarmidan ko‘pi Sharqiy Yevropadagi bazalarga qo‘ngan. Eronning aksariyat raketalari bu hududga yetib bora olmaydi.
“Bu AQSHga texnika va shaxsiy tarkibni Tehron uchun “jozibador nishon”ga aylantirmasdan joylashtirish imkonini beradi”, deya tushuntirdi Eurasia Group’ning Eron bo‘yicha katta tahlilchisi Gregori Bryu.
Asosiy lokatsiyalardan biri Iordaniyadagi Muvaffaq Salti havo bazasi bo‘ldi. 21-fevral kuni sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarda u yerda 60 dan ortiq jangovar samolyot, jumladan, o‘ndan ortiq F-35 qiruvchi samolyoti qayd etilgan.
Bundan tashqari, mintaqada ikkita aviatashuvchi kema — Ummon qirg‘oqlari yaqinida USS Abraham Lincoln va Gretsiyaning Krit oroli yaqinida USS Gerald R. Ford mavjud. Ularning bortida o‘nlab Tomahawk qanotli raketalari bilan jihozlangan esminetslar joylashgan. Ushbu raketalar iyun oyida Eron yadroviy nishonlariga zarba berishda qo‘llangan edi.
AQSH, shuningdek, Yaqin Sharq va Yevropada o‘zining mavjud E-3G Sentry uzoq masofali radar samolyotlari flotining uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini joylashtirdi. Yevropa bazalarida F-22A Raptor va F-16 Fighting Falcon qiruvchi samolyotlari ham qayd etilgan.
“Agar AQSH ma’muriyati uzoq davom etadigan havo kampaniyasini rejalashtirsa, yanada ko‘proq resurslar talab qilinishi mumkin”, dedi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi katta maslahatchisi Mark Kansian.
“Ma’muriyat Eronga nisbatan nimani o‘ylagan bo‘lsa, u buni keng ko‘lamda, ammo yetarlicha tez, salbiy oqibatlar xavfi minimal bo‘lgan holda amalga oshirmoqchi”, deya xulosa qildi Bryu.








