AQSH delegatsiyasi Jenevada o‘tayotgan muzokaralar chog‘ida Eron tomoniga o‘ta og‘ir talablarni qo‘ydi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri jurnalisti Aleks Uordga tayanib, “Haqqin.az” xabar berdi.
E’lon qilingan hujjatga ko‘ra, Amerika tomonining pozitsiyasi quyidagi asosiy punktlardan iborat:
1. Eronning uchta asosiy yadro markazi — Fordo, Natanz va Isfahon obyektlari butunlay yo‘q qilinadi.
2. Shu vaqtgacha to‘plangan barcha boyitilgan uran zaxiralari AQSHga topshiriladi.
3. Cheklovlar doimiy xarakterga ega bo‘ladi. Bitimda hech qanday amal qilish muddati bo‘lmaydi.
4. Eron hududida uranni boyitish jarayoni to‘liq to‘xtatiladi. Faqatgina bitta istisno — Tehron tadqiqot reaktorini saqlab qolishga ruxsat berilishi mumkin.
5. Dastlabki bosqichda sanksiyalar minimal darajada yumshatiladi. Cheklovlarning keyingi bosqichda olib tashlanishi faqat Eron barcha shartlarni uzoq muddat davomida so‘zsiz bajarganidan so‘ng ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH prezidenti avvalroq Donald Tramp agar muzokaralar natija bermasa, harbiy variantlar ko‘rib chiqilishini bir necha bor ta’kidlab, mamlakatga hujum qilish bilan tahdid qilgan.
Ayni damda Vashington Yaqin Sharq va Yevropadagi bazalariga 150 dan ortiq harbiy samolyotni joylashtirgan. Bundan tashqari USS Abraham Lincoln va USS Gerald R. Ford aviatashuvchilari mintaqa tomon harakatlanmoqda. Ushbu ikki kema jami 5 000 dan ortiq xodim va 150 ta samolyotni sig‘dira oladi.








