“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Angliya klubidagi faoliyati yakuniga yetgach, o‘zining so‘nggi va eng katta maqsadini amalga oshirmoqchi. The Touchline nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, ispaniyalik mutaxassisning murabbiylik faoliyatidagi yagona orzusi — Jahon chempionatida g‘alaba qozonishdir.
Gvardiola aynan birorta mamlakat terma jamoasini boshqarishni niyat qilmagan. Uning asosiy istagi — xalqaro maydonda yuqori cho‘qqilar uchun kurasha oladigan raqobatbardosh jamoa bilan ishlash.
Ma’lumot uchun, Gvardiola 2016-yildan buyon “Manchester Siti”ni boshqarib kelmoqda va jamoa bilan 18 ta sovrin yutishga ulgurdi. Uning amaldagi shartnomasi 2027-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Ispaniyalik murabbiy ushbu muddat tugagach yoki klub bilan xayrlashgach, o‘zini terma jamoada ham sinab ko‘rmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, Pep Gvardiola “Manchester Siti”ga qadar Kataloniyaning “Barselona” hamda Germaniyaning “Bavariya” klublarida ham bosh murabbiy sifatida faoliyat olib borgan.








