“Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola Yevropa Chempionlar Ligasining navbatdagi turi doirasidagi “Budyo/Glimt”ga qarshi o‘yindan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning o‘yini va professionalligi haqida gapirdi.
“Ommaviy axborot vositalarida Husanovni qanday maqtashayotganini o‘qidim. Ular mutlaqo haq. Abduqodir — juda yuqori saviyadagi futbolchi. Bu gapimga hech kim e’tiroz bildirmasa kerak. Oxirgi o‘yinda ham, undan oldingi bahsda ham Husanov a’lo darajada harakat qildi. Biz bundan juda ham mamnunmiz.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, Husanov ‘Arsenal’ga qarshi o‘yindan keyin bir oy davomida maydonga tushmadi. Ammo uning mashg‘ulotlarda va kiyinish xonasidagi xatti-harakatlari meni hayratga soldi. Aynan mana shu jihatlar Husanovning qanday futbolchi ekanini ko‘rsatadi. Menimcha, bunga uning ota-onasi bergan tarbiyasi hamda O‘zbekistonda olgan saboqlari sabab bo‘lgan.
U Fransiyadagi qisqa faoliyatidan keyin darhol ‘Manchester Siti’ga, Angliya Premyer Ligasiga keldi. Bunday keskin o‘zgarish oson emas. Shunga qaramay, u o‘rganishdan qochmadi va jamoaga tezda moslashdi. Uning jismoniy holati ham juda yuqori darajada. Aminmanki, ko‘p yillar davomida ‘Manchester Siti’da yuqori saviyadagi markaziy himoyachi o‘ynaydi. U kelajakda qanday futbolchiga aylanishi esa faqat o‘ziga bog‘liq, boshqa hech narsaga emas”, deydi Gvardiola.
Ma’lumot uchun, “Budyo/Glimt” hamda “Manchester Siti” o‘rtasidagi bahs 20-yanvar, seshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv O‘zbekiston vaqti bilan 22:45 da boshlanadi.








