“Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola Karabao kubogi nimchorak finalidan o‘rin olgan “Suonsi Siti”ga qarshi o‘yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi. Ispaniyalik mutaxassis tarkibidagi yangiliklar haqida gapirar ekan, O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov safga qaytganini ma’lum qildi.
Gvardiola Husanov o‘zini yaxshi his qilayotgani hamda “Suonsi Siti”ga qarshi bahsda maydonga tushishi mumkinligini aytdi:
“Abduqodir Husanov o‘zini yaxshi his qilayapti. U ertangi o‘yinda bir necha daqiqa o‘ynaydi”, dedi “Manchester Siti” ustozi.
Ma’lumot uchun, Husanov sentyabr oyida bo‘lgan “Arsenal”ga qarshi (1:1) bahsda jarohat olgan va o‘shandan beri maydonga tushmayapti. Futbolchi oxirgi 7 ta uchrashuvni o‘tkazib yubordi. Himoyachi mashg‘ulotlarga qaytgani aytildi, biroq Angliya Premyer Ligasi 9-turidan o‘rin olgan “Aston Villa” bilan o‘yinga ham jalb etilmagan edi.
“Manchester Siti”ning “Suonsi Siti”ga qarshi o‘yini 30-oktyabr, payshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv O‘zbekiston vaqti bilan 00:45 da boshlanadi.








