“Manchester Siti” “Bornmut” vingeri Antuan Semenyo 72 million yevro evaziga sotib oldi. Ushbu transferdan keyin “shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola transferlar uchun 2 milliard yevrodan ko‘p xarajat qilgan tarixdagi birinchi murabbiyga aylandi.
2016-yilda “Manchester Siti” murabbiyi lavozimiga tayinlanganidan beri Pep Gvardiola yangi futbolchilarni sotib olish uchun 2,03 milliard yevro sarflagan. Jek Grilish 117,5 million yevro bilan ispaniyalik mutaxassis tomonidan amalga oshirilgan eng qimmat transfer bo‘lib turibdi.
Shu tariqa, Gvardiola 2 milliard yevrodan ortiq xarajat qilgan tarixdagi yagona murabbiyga aylandi. Ispaniyalik mutaxassis faoliyati davomida yangi xaridlar uchun jami 2,58 milliard yevro sarflagan. Ikkinchi pog‘onadan Joze Mourinyo joy olgan bo‘lib, uning umumiya xarajati 1,99 milliard yevroni tashkil qiladi. Kuchli uchlikni esa Karlo Anchelotti yakunlab bergan — 1,8 milliard yevro.
Ma’lumot uchun, 54 yoshli ispaniyalik mutaxassis faoliyati davomida “Barselona”ning yoshlar va asosiy jamoalarini, “Bavariya” va “Manchester Siti”ni boshqargan. Gvardiola 2016-yil yozida “Manchester Siti” murabbiyi lavozimiga tayinlangan bo‘lib, uning amaldagi shartnomasi 2027-yilgacha mo‘ljallangan. Uning boshqaruvida klub 2017-yildan 2024-yilga qadar 6 marta Angliya Premyer Ligasi g‘olibligi, Chempionlar Ligasi, UEFA Superkubogi hamda Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati kabi musobaqalarda zafar quchgan.








