Daryo

Pokiston Afg‘onistonni o‘qqa tutdi, qurbonlar bor

“Tolibon” o‘nlab odamlar halok bo‘lgani, ular orasida bolalar ham borligini ma’lum qildi. Pokiston esa teraktlarga javoban Afg‘onistondagi jangarilar lageriga hujum qilganini ta’kidladi.

2 daqiqa o‘qish11 944 ko‘rishlar0 izoh5

Pokiston 21-fevral kuni kechasi Afg‘onistonda jangarilarga qarshi bir necha havo hujumlarini amalga oshirganini ma’lum qildi. “Tolibon” hujumlar oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lgani va yaralangani, ular orasida bolalar ham borligini ta’kidladi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Pokiston hujumlar qaysi hududlarda amalga oshirilgani va boshqa tafsilotlar haqida aniq ma’lumot bermagan. Biroq jangarilarning “lagerlari va boshpanalari” nishonga olinganini ma’lum qilgan.

Kecha (21-fevral) tunda ular Nangarhor va Paktika viloyatlarida tinch fuqarolarimizni bombardimon qilib, o‘nlab odamlarni, jumladan, ayollar va bolalarni o‘ldirdi va yarador qildi, dedi “Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid.

Pokiston axborot vaziri Attaulloh Tarar esa harbiylar “Tahriki Tolibon Pokiston” (TTP) va unga aloqador guruhlarga tegishli yettita lagerga qarshi “razvedka ma’lumotiga asoslangan, aniq yo‘naltirilgan operatsiyalar” o‘tkazganini aytdi. U chegara hududida ISHID sho‘basi ham nishonga olinganini ta’kidladi.

Taror Pokiston “mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlashga doimo intilib kelganini” ta’kidladi. Biroq Pokiston fuqarolarining xavfsizligi va himoyasi eng ustuvor masala bo‘lib qolishini aytdi. Afg‘oniston Mudofaa vazirligi esa hujumni qoralab, Pokistonga munosib va o‘z vaqtida javob qaytarilishidan ogohlantirdi.

Mudofaa vazirligi Afg‘oniston milliy suverenitetining bu ochiqdan-ochiq buzilishini va mazkur jinoyatni qat’iy qoralaydi. Vazirlik buni xalqaro huquq, yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari va islomiy qadriyatlarning buzilishi deb baholaydi, deyiladi rasmiy bayonotda.

So‘nggi voqealar bir necha kun avval Pokistonda sodir etilgan yirik terakt ortidan yuz berdi. Afg‘oniston bilan chegaradosh Xaybar-Paxtunxva viloyatining shimoli-g‘arbidagi Bajaur tumanida xudkush terrorchi portlovchi moddalarga to‘ldirilgan avtomobilni xavfsizlik posti devoriga borib urgan. Portlash oqibatida binoning bir qismi qulab tushib, 11 nafar harbiy va bir nafar bola halok bo‘lgan. Rasmiylar keyinchalik xudkush terrorchi Afg‘oniston fuqarosi bo‘lganini ma’lum qildi.

21-fevral kungi aviahujumdan so‘ng Pokiston harbiylari “hech qanday tiyilish ko‘rsatmasligini” va aybdorlarga qarshi operatsiyalar “qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar” davom etishidan ogohlantirdi.

Pokiston axborot vaziri mamlakatda yaqinda sodir etilgan hujumlar, jumladan, fevral oyida Islomoboddagi shialar masjidiga uyushtirilgan va 31 nafar odamni o‘ldirgan xudkush hujumi “Afg‘onistondagi rahbariyati va ko‘rsatma beruvchilar buyrug‘i bilan” harakat qilgan jangarilar tomonidan amalga oshirilgani haqida “aniq dalillar” borligini ta’kidladi.

Pokiston xalqaro hamjamiyatni “Tolibon” hukumatiga o‘z tuprog‘idan boshqa davlatlarga qarshi foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha Doha kelishuvi doirasidagi majburiyatlarini bajarishga bosim o‘tkazishga chaqirgan.

Pokistonda so‘nggi yillarda jangarilar zo‘ravonligi kuchayib bormoqda, ularning aksariyati TTP va Balujiston separatist guruhlari bilan bog‘liq. 2021-yilda “Tolibon” hokimiyatga qaytgach, Pokiston TTP jangarilari Afg‘oniston hududidan turib harakat qilayotganini da’vo qilmoqda. Bu ayblovni guruhning o‘zi ham, Afg‘oniston hukumati ham rad etib kelmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar