Angliya Premyer Ligasining 27-turida “Nyukasl”ni mag‘lub etgan (2:1) “Manchester Siti” ketma-ket beshinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Ushbu natijadan so‘ng “shaharliklar” ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali “Manchester Yunayted”ning mashhur muxlisi bilan hazillashdi.
“Siti” o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida: “Ketma-ket beshta g‘alaba. Sochni oldirish vaqti keldi”, deya post qoldirdi.
Ushbu hazil “qizil iblislar”ning sodiq muxlisi Frenk Ilettga qaratilgan. Gap shundagi, Frenk o‘zining sevimli jamoasi har qanday turnirda ketma-ket beshta o‘yinda g‘alaba qozonmaguncha sochini oldirmaslikka va’da bergan. Angliyalik muxlis 500 kundan ortiq vaqt davomida sartaroshga bormagani sababli ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishgan.
Eslatib o‘tamiz, “Manchester Yunayted” yaqinda ketma-ket to‘rtta o‘yinda (jumladan, “Siti” ustidan ham) g‘alaba qozonib, beshinchi bahsda “Vest Hem” bilan durang o‘ynagan edi (1:1). Ayni paytda, ushbu muxlisning sochi o‘sishda davom etmoqda. “Siti” esa o‘zining ashaddiy raqibi hamda hamshahari uddalay olmagan ishini bajarib, unga “maslahat” berishga qaror qildi.
Ma’lumot uchun, “Manchester Siti” o‘zining ketma-ket beshta g‘alabali seriyasida “Nyukasl”ni ikki bor (Angliya Liga Kubogi va APL doirasida), shuningdek, “Liverpul”, “Fulhem” hamda “Solford” kabi jamoalarni mag‘lubiyatga uchratdi.








