Angliya Premyer Ligasining 34-turidan o‘rin olgan “Manchester Yunayted” hamda “Brentford” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunlandi. “Old Trafford” stadionida o‘tgan bahsda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yinning 11-daqiqasida Kazemiro hisobni ochib, mankunianliklarni oldinga olib chiqdi. 43-daqiqaga kelib Benyamin Sheshko oradagi farqni ikkitaga oshirdi. Mehmonlar safida Matias Yensen 87-daqiqada bitta javob to‘pini kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Maykl Kerrik shogirdlari 61 ochko bilan turnir jadvalining 3-pog‘onasidan joy olgan. 48 ochkoga ega “Brentford” esa 9-o‘rinda bormoqda. Ayni paytda “Arsenal” 73 ochko bilan turnir jadvalida 1-o‘rinni egallab turibdi. “Manchester Siti” esa 70 ochko bilan 2-pog‘onani band etgan. Ammo shuni ham ta’kidlash kerakki, Pep Gvardiola jamoasi hisobida bitta zaxira o‘yini mavjud. Agar “Siti” ushbu bahsda yirik hisobda g‘alaba qozonsa, turnir jadvalida birinchi o‘ringa chiqib oladi.
Angliya Premyer Ligasi, 34-tur
“Manchester Yunayted” — “Brentford” 2:1
Gollar: 1:0 — Kazemiro (11), 2:0 — Sheshko (43), 2:1 — Matias (87)








