Eronning bir nechta universitetlarida talabalar hukumatga qarshi namoyishga chiqdi. Bu yanvar oyida hukumat tomonidan bostirilgan namoyishlardan keyingi ilk holat hisoblanadi. Bu haqda BBC xabar berdi.
21-fevral kuni Tehrondagi Sharif nomidagi Texnologiya universitetida talabalar yurish o‘tkazgan. Keyinchalik ular bilan hukumat tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan.
Namoyishchilarning aksariyati Eron milliy bayroqlarini ko‘targan holda tinch yurish qilgan. Olomon “diktatorga o‘lim” (oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiyga ishora ekani aytilmoqda) va boshqa hukumatga qarshi shiorlarni aytgan.
Shuningdek, Shahid Beheshti universiteti hamda Amir Kabir Texnologiya universitetida ham norozilik aksiyalari o‘tkazilgan. Eronning ikkinchi yirik shahri Mashhadda talabalar “Ozodlik, ozodlik” va “Talabalar, o‘z huquqlaringiz uchun hayqiring” deya shiorlar aytgan.
Namoyishchilar orasida hibsga olinganlar bor-yo‘qligi hozircha ma’lum emas. Yanvar oyida boshlangan noroziliklar dastlab iqtisodiy muammolar sabab yuzaga kelgan edi va 1979-yilgi Islom inqilobidan beri eng yirik namoyishlarga aylangan. Namoyishlar chog‘ida 3 000 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, ularning aksariyati huquq-tartibot idoralari xodimlari bo‘lgan.
Yanvar oyida Tramp Eronda hukumatga qarshi namoyishlarga chiqqanlarga “yordam yo‘lda” ekanini va’da qilgandi. O‘shanda Abraham Lincoln harbiy kemasi Yaqin Sharq tomon yo‘l olgan. Biroq namoyishlar bostirilgan va Tramp e’tiborini Eronning yadroviy dasturiga qaratgan.
Eron ixtiyorida bo‘lgan, 60 foizgacha boyitilgan 440 kilogramm uranning qayerda saqlanayotgani va holati hanuz noaniq. AQSH yadroviy kelishuvga erishilmasa, Eron “yomon oqibatlarga” duch kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Mutaxassislar fikricha, AQSH Eronga aviazarbalar berish uchun yetarli harbiy kuchlarga ega. Mamlakat armiyasi 21-fevraldan boshlab Eronga zarba berishga tayyor, biroq harbiylar prezident Donald Trampning yakuniy buyrug‘ini kutmoqda. Ehtimol operatsiyada Isroil ham ishtirok etishi mumkin. Yahudiy armiyasi yuqori shay holatga keltirilgan.








