Eron Yevropa Ittifoqi davlatlari armiyasini “terrorchi guruh” deb e’lon qildi. Mazkur qadam Yevropaning Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini (IIQK) “terrorchi tashkilot” deb e’lon qilishiga javob hisoblanadi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Parlament spikeri Muhammad Bog‘ir G‘olibofga ko‘ra, qaror “IIQKning terrorchilik tashkiloti deb e’lon qilinishiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunning 7-moddasi”ga muvofiq qabul qilingan.
“Yevropaliklar aslida o‘z oyog‘iga o‘q uzdi va yana amerikaliklarga ko‘r-ko‘rona bo‘ysunish orqali o‘z xalqi manfaatlariga zid qaror qabul qildi”, dedi G‘olibof.
Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati rahbari Kaya Kallas 29-yanvar kuni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga “terroristik tashkilot” maqomi berilganini e’lon qilib, repressiyalar “javobsiz qolishi” mumkin emasligini aytdi.
“O‘z xalqining minglab vakillarini o‘ldirgan har qanday tuzum o‘zining halokatga uchrashi tomon harakat qilmoqda”, dedi u.
AQSHda joylashga “Inson huquqlari faollari” axborot agentligiga ko‘ra, Eronda 28-dekabr kuni iqtisodiy noroziliklar tufayli boshlangan, ammo tez orada hukumat uchun jiddiy muammoga aylangan umummilliy namoyishlar davomida 6 713 kishi halok bo‘lgan.
Eron rasmiylari hibsga olinganlarning rasmiy raqamlarini e’lon qilmadi. Ammo norozilik namoyishlari chog‘ida kamida 3 117 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Ulardan 2 427 nafari “begunoh” namoyishchilar yoki xavfsizlik kuchlari deb ta’riflangan.
8-yanvarga o‘tar kechasi, norozilik namoyishlari avj olgan paytda Eron bo‘ylab davlat tomonidan internet va mobil aloqa uzildi.
Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Eron armiyasining bir qismi bo‘lib, 1979-yilgi Eron inqilobidan keyin tashkil etilgan. Ular muntazam qurolli kuchlar bilan birgalikda harakat qilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiyga bo‘ysunadi va Eronning mudofaasi, tashqi operatsiyalari va mintaqaviy ta’sirida markaziy rol o‘ynaydi.
AQSH prezidenti agar namoyishchilarni qatl etish holatlari kuzatilsa, Eronga hujum qilish bilan tahdid qilgan. Shu maqsadda AQSH oʻzining Abraham Lincoln aviatashuvchisi va qiruvchi samolyotlarini Yaqin Sharqqa joʻnatgan.
Eron rasmiylari har qanday hujumga “keng qamrovli” javob qaytarilishi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, mamlakat Hormuz bo‘g‘ozida jangovar harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishini e’lon qildi. 1-fevral kuni ali Xomanaiy agar AQSH Eronga hujum qilsa, bu mojaro mintaqaviy urushga aylanishini aytdi.
“Donald Tramp doim kemalar olib kelganini aytadi. Eron xalqi bunday gaplardan qo‘rqmaydi, tahdidlar bilan chalg‘imaydi. Biz tashabbuskor emasmiz va hech qanday davlatga hujum qilishni istamaymiz, ammo Eron millati ularga hujum qilgan va ta’qib qilgan har qanday kishiga kuchli zarba beradi”, degan u.








