Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSH tomonidan ehtimoliy havo zarbalari berilishi xavfi sabab bunkerga ko‘chirildi. Bu haqda hukumatga yaqin ikki manba Iran International nashriga ma’lum qildi.
Tegishli ma’lumot AQSHning qiruvchi samolyotlar ortilgan USS Abrahamm Linkoln aviatashuvchi kemasi Fors ko‘rfazi tomonga yo‘l olgani fonida yangradi. 86 yoshli Xomanaiy Tehrondagi mustahkamlangan boshpanaga ko‘chirilgani aytilmoqda. Ushbu bunker murakkab yerosti tunnellari tizimi bilan bog‘langan. Bu qaror yuqori martabali harbiylar AQSHning yaqin vaqt ichida hujum qilishi ehtimolini oshirgani tufayli qabul qilingan.
“Xomanaiy mamlakatning kundalik boshqaruvini vaqtincha kenja o‘g‘li Mas’ud Xomanaiyga topshirgan. Uning favqulodda vazifasiga hukumatning ijroiya organlari bilan asosiy kommunikatsiya kanali bo‘lish ham kiradi”, deb xabar bermoqda The Jerusalem Post nashri.
Eron rasmiylari AQSH havo hujumlari ehtimolini yuqori baholamoqda. Bunga AQSH prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharqqa harbiy samolyotlar yuborayotgani haqidagi bayonoti sabab bo‘lgan. Jumladan, u 23-yanvar kuni AQSH harbiy-dengiz kuchlari “ulkan armada” jo‘natayotgani bilan maqtangandi.
Uchta esminetsni o‘z ichiga olgan USS Abraham Linkoln guruhi hozirda Hind okeanidan Eronning Fors ko‘rfazi mintaqasiga harakatlanmoqda. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH yoki Isroil tomonidan oliy rahnamoga qilingan har qanday hujum “Eronning o‘ziga qarshi keng ko‘lamli urush” sifatida qabul qilinishini aytgan.
Bu Xomanaiyning yerosti bunkeriga ko‘chirilganiga oid birinchi xabar emas. 2025-yil iyun oyida Isroil bilan bo‘lgan 12 kunlik mojarolar paytida ham u omma oldida ko‘rinmagandi. O‘shanda u oilasi bilan bunkerda yashiringani haqida xabarlar tarqalgan. Bundan tashqari, uning o‘limi ehtimoliga o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan vorislar ro‘yxati shakllantirilgandi.
Eronda 28-dekabrdan buyon ommaviy namoyishlar davom etmoqda. Noroziliklar Tehronning asosiy bozorida boshlangan, dastlab do‘kondorlar giperinflyatsiya va narxlarning keskin o‘zgarishiga qarshi savdo nuqtalarini yopgan. Keyinchalik namoyishlar boshqa hududlarga ham tarqalib, siyosiy tus olgan.
Eron iqtisodiyoti xalqaro sanksiyalar sabab jiddiy bosim ostida qolmoqda. Xususan, milliy valyuta — riyol 2025-yil davomida AQSH dollariga nisbatan qiymatining uchdan biridan ko‘prog‘ini yo‘qotgan. Hukumat 4-yanvar kuni iqtisodiy bosimni yumshatish maqsadida har bir fuqaro uchun oylik nafaqa joriy etilishini e’lon qilgan. Ushbu to‘lov o‘rtacha oylik ish haqining taxminan 3,5 foiziga teng. Aholisi 90 milliondan ortiq bo‘lgan Eronda eng kam ish haqi taxminan 100 dollar, o‘rtacha oylik maosh esa 200 dollar atrofida.
Erondagi norozilik namoyishlari oqibatida 3 000 dan ortiq odam halok bo‘ldi, ularning 2 427 nafari tinch aholi vakillari va xavfsizlik kuchlari xodimlari hisoblanadi.








