Daryo

AQSH armiyasi Eronga hujumga tayyor, Tramp buyrug‘ini kutmoqda — OAV

Pentagon uch kun ichida Yaqin Sharqdagi ayrim xodimlarini Yevropaga yoki AQSHga ko‘chirishni rejalashtirgan. Bu AQSH operatsiyani boshlagan taqdirda Eronning ehtimoliy javob zarbalaridan himoyalanish chorasi sifatida ko‘rilmoqda.

2 daqiqa o‘qish13 034 ko‘rishlar0 izoh13

AQSH armiyasi 21-fevraldan boshlab Eronga zarba berishga tayyor, biroq harbiylar prezident Donald Trampning yakuniy buyrug‘ini kutmoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalar CBS News’ga ma’lum qildi.

Milliy xavfsizlik bo‘yicha yuqori martabali amaldorlar Trampga tayyorgarlik haqida axborot bergan. Shu bilan birga, ehtimoliy harakat muddati dam olish kunlaridan keyinga surilishi ham mumkin. Tramp zarba berish yoki bermaslik borasida hali yakuniy qaror qabul qilmagan. Nozik milliy xavfsizlik masalasi muhokama qilinayotgani sababli ma’lumotni anonim amaldorlar tasdiqlagan.

Oq uy vaziyat keskinlashishi, uning ehtimoliy siyosiy va harbiy oqibatlarini baholamoqda. Pentagon keyingi uch kun davomida ayrim xodimlarni vaqtincha Yaqin Sharqdan Yevropaga yoki AQSHga ko‘chirishni rejalashtirgan. Bu chora AQSH operatsiyani boshlagan taqdirda, Eronning ehtimoliy javob zarbalaridan xodimlarni himoya qilishga qaratilgan.

Manbalardan birining ta’kidlashicha, ehtimoliy harbiy harakat oldidan texnika va shaxsiy tarkibni qayta joylashtirish Pentagon uchun odatiy amaliyot bo‘lib, bu har doim ham hujum yaqinlashganini anglatmaydi. Davlat kotibi Marko Rubio, taxminan, ikki haftadan so‘ng Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgan.

Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt 18-fevral kungi brifingda “Eronga qarshi zarba berish uchun ko‘plab sabab va dalillar keltirish mumkinligi”ni aytdi. Biroq u diplomatiya Tramp uchun doimo birinchi tanlov bo‘lib qolishini ta’kidladi. Levitt ehtimoliy zarba Isroil bilan muvofiqlashtiriladimi yoki yo‘qmi, degan savolga javob berishdan bosh tortdi.

18-fevral kuni Oq uyning Maxsus vaziyatlar xonasida (Situation room) Eron masalasi muhokama qilingan. AQSH rasmiysi va yuqori martabali harbiy amaldorga ko‘ra, Yaqin Sharqqa yuborilgan barcha harbiy kuchlar mart oyining o‘rtalariga borib to‘liq joylashtiriladi.

Abraham Lincoln aviatashuvchi kemasi yanvar oyi oxirida AQSH prezidenti buyrug‘i bilan Fors ko‘rfazi mintaqasiga yo‘naltirilgan. Shu paytgacha u sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ko‘rinmagandi, chunki u kuzatuv qamrovi cheklangan hududda harakatlangan. Endilikda Yevropaning Sentinel-2 sun’iy yo‘ldoshlari tasvirlarida kema Ummon sohillaridan, taxminan, 240 kilometr uzoqlikda, Arab dengizida aniqlangan. U Erondan qariyb 700 kilometr masofada joylashgan.

Abraham Lincoln 90 ta samolyot (ular orasida F-35 qiruvchilari ham bor) va 5 680 nafar ekipajga ega. U uchta Arleigh Burke turidagi esminets bilan birga harakatlanadi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar