Isroil armiyasini yuqori jangovar shay holatga keltirildi, AQSHning Eronga zarba berishi ehtimoli ortmoqda. Bu haqda Ynet nashri xabar berdi.
Isroilning fuqarolik mudofaasi uchun mas’ul “Orqa front qo‘mondonligi” hamda barcha qutqaruv xizmatlariga urush ehtimoliga to‘liq tayyor turish topshirilgan. Ushbu choralar AQSHning Eronga ehtimoliy zarbasi bilan bog‘liq bo‘lib, unda Isroil kuchlari ham ishtirok etishi mumkin.
Mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxu rahbarligida yaqinda bu masala yuzasidan maslahatlashuv o‘tkazilgan. Unda, hatto Isroil operatsiyada ishtirok etmagan taqdirda ham, Eron javob zarbasi berishi ehtimoli muhokama qilingan.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 28-fevral kuni Isroilga tashrif buyurib, Netanyaxu bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Unda Eron bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilinishi mumkin. AQSH armiyasi 21-fevraldan Eronga zarba berishga tayyor, biroq ular prezident Donald Trampning yakuniy buyrug‘ini kutmoqda.
Milliy xavfsizlik bo‘yicha yuqori martabali amaldorlar Trampga tayyorgarlik haqida ma’lumot bergan. Operatsiya muddati dam olish kunlaridan keyinga surilishi ham mumkin. Pentagon uch kun ichida Yaqin Sharqdagi ayrim xodimlarini Yevropa yoki AQSHga ko‘chirishi kutilmoqda. Bu Eronning ehtimoliy javob zarbalaridan himoyalanish chorasi sifatida ko‘rilmoqda.
AQSH yanvar oyida Abraham Lincoln aviatsiya tashuvchisini Yaqin Sharq tomon yuborgan edi. O‘shanda prezident Donald Tramp agar yadroviy muzokaralarda kelishuvga erishilmasa, Eronga zarbalar berish bilan tahdid qilgan. Hozirda Abraham Lincoln Ummon sohillaridan, taxminan, 240 kilometr uzoqlikda, Arab dengizida aniqlangan. U Erondan qariyb 700 kilometr masofada joylashgan. Abraham Lincoln 90 ta samolyot (ular orasida F-35 qiruvchilari ham bor) va 5 680 nafar ekipajga ega. U uchta Arleigh Burke turidagi esminets bilan birga harakatlanadi.








