O‘zbekistonda kichik va o‘rta korxonalar yiliga 5 milliard kub metr gaz va 20 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi iste’mol qilayotgani ma’lum qilindi.
Endilikda kichik va o‘rta korxonalarda ham energiya samaradorlik bo‘yicha yangicha tizim bo‘ladi va uch yillik dastur ishlab chiqiladi. Har bir tumandagi energiya sarfi eng yuqori 5 tadan korxonada energiya auditi o‘tkaziladi, ushbu korxonalarda energiya tejamkor choralarni amalga oshirish uchun 100 million dollar arzon resurs jalb qilinadi.
Mutasaddilar va hokimlar 2026-yilda kichik va o‘rta korxonalarda 100 million kub metr gaz va 500 million kilovatt-soat elektrni tejash choralarini ko‘rishi muhimligi qayd etildi. Yana bir masala — respublikadagi 917 mingta yoritish chiroqlari yiliga 330 million kilovatt-soat elektr sarflayapti. Chiroq kunduzi ham yoniq turgan holatlar kam emas.
Yoritish ustunlariga kichik quyosh paneli, batareya, kun yorishishiga qarab, o‘zi o‘chib-yonadigan datchik o‘rnatishni boshlash topshirildi. O‘tgan yili xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi 2,5 milliard dollarlik shartnomalarda mahalliy kompaniyalarning ulushi bor-yo‘g‘i 15 foizni tashkil qilgan.
Davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushi 68 foizga yetgan bo‘lsa, Olmaliq kombinati, “O‘ztransgaz”, “Milliy elektr tarmoqlari”, Uzbekistan Airports va “O‘zbekiston havo yo‘llari”da 40 foizga ham yetmaydi.
Tadbirkorlar “davlat xaridi, ekspertiza, sertifikat olishda byurokratiya ko‘p, idorama-idora yurish kerak” deb aytayotgani, ayrim vazirlar va tarmoq rahbarlari “chet elniki sifatliroq” degan eskicha fikrda yurib, mahalliy tadbirkorlarga yo‘l bermayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bu tizimni tubdan isloh qilish, mahalliy korxonalarni xalqaro moliya institutlari loyihalari va davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish maqsadida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etildi.
Endi vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar har bir loyihadagi muzokara, tender, qurilish, xomashyo topishni barcha bosqichida mahalliy ulushni ko‘paytirishga shaxsan javob berishi qayd etildi.








